Turkiya OAV uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari haqida yozmoqda
ISTANBUL, 11-may. /"Dunyo" AA/. Turkiyaning "Demiroren" axborot agentligi 2-3-may kunlari bo'lib o'tgan uchinchi Toshkent investitsiya forumi yakunlariga bag'ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston poytaxtida bo'lib o'tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 93 mamlakatdan 2500 ishtirokchi qatnashdi, – deyiladi maqolada. – Forumning asosiy yalpi majlisida O'zbekiston Prezidenti ishtirok etdi va nutq so'zladi".
Ta’kidlanishicha, mazkur iqtisodiy tadbirda Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
Maqolada forum qatnashchisi O'zgur O'nur O'zguvenning qo'yidagi so'zlari iqtibos sifatida keltirilgan: "Ushbu forumda uch marta qatnashdim. Bu yilgi anjumanda 93 mamlakatdan ishtirokchi keldi. Buning sababi, O'zbekiston rivojlanish bosqichida. Respublikaning yillik savdo hajmi 90 milliarddan oshadi. O'zbekistonda yuqori investitsiyaviy salohiyat mavjud. Dunyo mamlakatlari ushbu forumga qiziqish bildirishining sababi ham shu. Forumda turk kompaniyalari ham ishtirok etdi. 2017-yilda O'zbekiston jahon bozoriga chiqqach, bu yerda turk kompaniyalarining sarmoyalari o'sdi. Turkiyaning energetika, sog'liqni saqlash va to'qimachilik sohalariga sarmoyalari ortib bormoqda".