Turkiyaning Chankiri shahrida Movarounnahr allomalari merosiga bag'ishlangan xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi
TOSHKENT, 29-may. /"Dunyo" AA/. Turkiyaning Chankiri shahrida "Movarounnahrdan Onado'liga: hadis an'anasi va muhaddislar" mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
27-28-may kunlari bo'lib o'tgan mazkur anjuman Chankiri Karatekin universiteti va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Turkiya, O'zbekiston, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Qozog'iston, Iordaniya va boshqa mamlakatlardan 100 dan ziyod taniqli islomshunos, dinshunos va ilohiyotshunos olimlar ishtirok etdi.
Konferensiyada Chankiri Karatekin universiteti rektori Harun Chiftchi so'zga chiqib, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik ijobiy natijalar berayotgani, o'tgan yili Termiz shahrida o'tkazilgan anjumanda universitet professor-o'qituvchilari muvaffaqiyatli ishtirok etganini qayd etdi.
Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go'rmez o'z navbatida, Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy sohadagi islohotlarga yuqori baho berdi.
"Movarounnahr azal-azaldan ilm-fan va madaniyatning beshigi bo'lib kelgan. Movarounnahr degan nom "daryoning orqa tomoni" degan ma'nonigina anglatmaydi. Balki bu atamaning mohiyatida g'ayritabiiy kuch, ilmning eng yuqori cho'qqisi kabi chuqur ma'nolar mujassam. Islom ilm-fanini Movarounnahrsiz tasavvur etib bo'lmaydi", dedi Mehmet Go'rmez.
Konferensiya ishi 7 shoʻbada davom etdi. Unda O'zbekiston vakillari Movarounnahr allomalari ilmiy merosining jahon ilm-fani rivojidagi o'rni haqida ma'ruza qildilar.
Shu kuni Chankiri Karatekin universiteti rektori Harun Chiftchi O'zbekiston delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda ilmiy-tadqiqot markazlari o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Turkiya tomoniga mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berildi.
O'zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi davom etmoqda.