"Türkiye" gazetasi: Yangi O'zbekiston butun dunyoning porloq yulduziga aylanib bormoqda
ANQARA, 8-iyun. /"Dunyo" AA/. Turkiyaning yetakchi "Türkiye" ("Turkiya") gazetasida "O'zbekiston-Turkiya munosabatlari yanada mustahkamlanadi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Turkiya Buyuk millat majlisidagi O'zbekiston bilan parlamentlararo do'stlik guruhi raisi Osman Mesten qalamiga mansub mazkur maqolada ikki mamlakat o'rtasidagi tarixiy rishtalar, savdo-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar qayd etilgan.
Nashrda 6 iyun kuni qardosh mamlakat – O'zbekiston bilan munosabatlar jihatidan nihoyatda samarali va unumli kun bo'lgani, ya’ni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan kelgani xabar qilingan. Ta’kidlanganidek, tashrif davomida O'zbekiston va Turkiya Prezidentlari raisligida oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining uchinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
"Bugungi O'zbekiston biz ota yurt, deb ta’riflaydigan Movarounnahr zaminidir. Milodiy X asrdan boshlab ajdodlarimiz bu yerlardan ko'chib, Anadoluni o'zlari uchun vatan sifatida tanlagan. Shunday bo'lsa-da, ajdodlarimiz ota-yurtda qolgan qardoshlarimiz bilan aloqalarini hech qachon uzmagan. Ushbu ulug' zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalar nafaqat Osiyodagi, balki butun dunyodagi turkiy xalqlar tamadduniga katta hissa qo'shgan insonlardir", – deb yozgan muallif
Maqolada yozilishicha, bugungi O'zbekiston zaminidan Turkiyaga kelganlar bu yerda katta madrasalar tashkil etib, muhim tadqiqotlar ishlarini olib borgan, yoshlarga ilm o'rgatgan. Hozirgi kunda Anadoluda Samarqandiy, Toshkandiy va Buxoriy nomlari bilan bog'liq 2500 dan ortiq qabrlar bor. Ulardan ikkitasi Bursadagi Amir Sulton va Salohiddin Buxoriy qabrlaridir.
"2016-yilda Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan keyin O'zbekiston ochiqlik sari yuz tutdi va yangi taraqqiyot siyosatini amalga oshira boshladi. Mamlakatdagi o'zgarish va yangilanish jarayoni Yangi O'zbekiston nomining tez-tez tilga olinishiga sabab bo'ldi. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy taraqqiyotga alohida e’tibor qaratmoqda. So'nggi 7 yilda ushbu mamlakatga tez-tez tashrif buyurgan inson sifatida aytishim kerakki, Yangi O'zbekiston, haqiqatan ham, qisqa vaqtda katta yo'lni bosib o'tdi", – deb qayd etgan Turkiya parlamenti vakili.
Ma’lum qilinganidek, so'nggi yillarda Yangi O'zbekiston iqtisodiyoti qariyb ikki baravar o'sdi. Mamlakat 2023-yilni 6 foizlik o'sish bilan yakunladi va bu yil ham xuddi shunday muvaffaqiyatga erishishi kutilmoqda. Inflyatsiya darajasi 9 foizga tushgan. Tovar ayirboshlash ko'rsatkichlari ham muttasil ortib bormoqda. Mamlakat valyuta bozori va oltin valyuta zaxiralarining barqarorligini saqlab kelmoqda. Oxirgi yillarda 60 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyani jalb etishga muvaffaq bo'ldi. O'tgan yili xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar oshdi.
Yangi O'zbekiston 90 dan ortiq davlat, jumladan Turkiyaga ham amal qilayotgan vizasiz rejim tufayli turizm sohasida ham o'z nomini yuksaltirmoqda. Shunday qilib, buyuk va chuqur tarixiy poydevorlardan kuch olib, yuksalish va rivojlanishni maqsad qilgan mamlakat nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyoning porloq yulduziga aylanib bormoqda.
Materialda Yangi O'zbekiston 90 dan ortiq davlat, jumladan, Turkiyaga ham amal qilayotgan vizasiz rejim tufayli turizm sohasida ham o'z nomini yuksaltirayotgani qayd etilgan. Zamonaviy O'zbekiston buyuk va chuqur tarixiy ildizlaridan kuch olib, nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyoning yangi yorqin yulduziga aylanib bormoqda.
Muallif, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’naviyat sohasidagi ulkan tashabbuslariga e’tibor qaratgan. "Bugungi kunda O'zbekistonda davlat rahbari tashabbusi bilan Uchinchi Renessans g'oyasi amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, ko'pchilik tarixchilar Imom Buxoriy, Xorazmiy kabi allomalar yetishib chiqqan X-XI asrlarni Birinchi Renessans davri, Mirzo Ulug'bek va Alisher Navoiy kabi allomalar yetishib chiqqan XV asrni Ikkinchi Renessans davri deb ta’riflaydilar. Bugun esa Yangi O'zbekiston yetakchisi Uchinchi Renessans g'oyasini ilgari surmoqda. Ushbu maqsadga erishish yo'lida mamlakatda keng ko'lamli ishlar boshlab yuborilgan. O'zbekiston yoshlarini zamonaviy bilim va mutaxassisliklarni egallashi uchun ko'plab loyiha hamda dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, bugun o'zbek yoshlari o'z yurti va dunyoning eng nufuzli oliy o'quv yurtlarida tahsil olmoqda. Bu boradagi imkoniyatlar izchil kengaytirilmoqda", – deb ta’kidlagan Turkiya Buyuk millat majlisi a’zosi.
Maqolada O'zbekistonda boshlangan yangilanishlar jarayoni Turkiya bilan munosabatlarga ham chuqur ta’sir ko'rsatgani urg'ulangan. Muallif Prezidentlar Rejep Tayyip Erdog'an va Shavkat Mirziyoyev o'rtasida nihoyatda yaqin va samimiy munosabatlar o'rnatilganini e’tirof etgan. Davlat rahbarlarimiz bir-birlariga "qardoshim" deb murojaat qilishadi, deyiladi nashrda. Bu holat, albatta, mamlakatlarimizning barcha muassasa va tashkilotlari o'rtasidagi munosabatlarga ijobiy ta’sir ko'rsatadi.
"Shu o'rinda, mamlakatlarimiz parlamentlari o'rtasida ham namunaviy aloqalar mavjudligini alohida ta’kidlamasam bo'lmaydi, – deydi deputat. – Shu yil 22-may kuni Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya bilan O'zbekistonga qilgan tashrifimiz parlamentar diplomatiyani rivojlantirish nuqtayi nazaridan juda foydali bo'ldi. Delegatsiyamiz Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Shuningdek, O'zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan muhim uchrashuvlar o'tkazildi. Ikki mamlakat parlamentlararo aloqalarini yanada rivojlantirish, parlamentlardagi do'stlik guruhlari ishini faollashtirish, tegishli qo'mitalar o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishib oldik".
Maqola xulosasida, "Men Turkiya-O'zbekiston parlamentlararo do'stlik guruhi raisi sifatida faoliyat yuritar ekanman, bu zaminga ko'p marotaba borish imkoniga ega bo'ldim. Lekin har safar borganimda yangi narsalarni o'zim uchun kashf etaman. O'zbekiston tarixiy qadriyatlarga sobit qolgan holda jahon sivilizatsiyaga hissa qo'yish kabi muhim vazifalarni hali ham davom ettirmoqda. Men ham ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish yo'lida bor bilim va g'ayratimni safarbor qilishda davom etaman", – deb yozgan Osman Mesten.