Istanbulda O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi
ISTANBUL, 26-iyul. /"Dunyo" AA/. Istanbul shahrida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir mamlakatimiz Bosh konsulxona tomonidan "Rocket DMC Uzbekistan" kompaniyasi va Turkiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (TÜRSAB) bilan birgalikda tashkil etildi. Taqdimotda yetakchi turk turistik agentliklari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Diplomatlar Turkiya va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar, turizm sohasining iqtisodiyotimizdagi o'rni, YUNESKO Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan mamlakatimizdagi obidalar, xorijiy sayyohlar va ushbu sohadagi biznes vakillari uchun yaratilgan qulayliklar to'g'risida batafsil so'zlab berdilar.
Yig'ilganlar Samarqand shahrining sayyohlik salohiyati, xususan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan "Silk Road Samarkand" turistik markazi imkoniyatlari bilan tanishdilar.
"TÜRSAB" rahbari Davut Gunaydin O'zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlarini hamda turkiyaliklarning chet mamlakatlarga sayohat qilishga bo'lgan katta qiziqishini inobatga olgan holda mazkur sohada ikki tomonlama munosabatlarning ulkan istiqbollari mavjudligini qayd etdi.
Tadbirda turkiyalik turoperatorlarga "Rocket DMC Uzbekistan" kompaniyasining turpaketlari haqida ham ma'lumotlar taqdim etildi. O'zbekistonga sayohat qilishning afzalliklari va turistlar uchun yaratilayotgan sharoitlar alohida ta'kidlandi.
"Taqdimotni o'tkazishdan maqsad mamlakatimiz turistik imkoniyatlarini turk hamkasblarimizga kengroq tushuntirib berishdan iborat. Yuzma-yuz uchrashuvlardan keyin O'zbekistonga turk sayyohlari soni yanada ko'payadi, deb umid qilamiz. Biz, shuningdek, "Air Samarkand" kompaniyasi bazasida ikki-uch xil xizmatlarni taklif qilyapmiz. Bu esa "Istanbul-Samarqand" parvoz yo'nalishining yanada ommalashishiga yordam beradi", – dedi "Rocket DMC Uzbekistan" kompaniyasi bosh direktori Negina Muxtarova.
Tadbir doirasida ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari vakillari o'rtasida B2B formatdagi uchrashuvlar o'tkazildi.