Обратитесь в посольство
телефон
Консульские вопросы
телефон

"Turkiya" gazetasi: O'zbekiston parlamenti saylovi o'zbek xalqining donoligi va yuksak huquqiy madaniyatini namoyon qildi


"Turkiya" gazetasi: O'zbekiston parlamenti saylovi o'zbek xalqining donoligi va yuksak huquqiy madaniyatini namoyon qildi

ANQARA, 30-oktabr. /"Dunyo" AA/. Turkiyaning ommabop "Turkiya" gazetasida "O'zbekiston parlamenti saylovlari: tajribalar asosidagi namunaviy model" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.  

Muallif Anqara inqiroz va siyosiy tadqiqotlar markazi "ANKASAM" direktori Mehmet Seyfettin Erol O'zbekistonda 27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi tinch va xotirjam muhitda o'tganini yozgan.

 

"Saylov ilk bor aralash tizimda, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkazildi. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo'yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylandi", – deya ma'lumot bergan u.

 

Turkiyalik ekspert O'zbekiston siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi 40 foizdan oshganiga alohida e'tibor qaratgan.

 

Xotin-qizlar nomzodligi uchun 40 foizdan kam bo'lmagan kvota tatbiq qilingani, umuman, Uchinchi Renessans g'oyasi sari ildamlab borayotgan Yangi O'zbekistonning xalqaro tajribalar va tarixiy qadriyatlar asosida boshqa davlatlar uchun ham namuna bo'la oladigan o'ziga xos demokratik tizim yaratgani urg'ulangan.

 

Mehmet Seyfettin Erol saylov jarayonlari haqida to'xtalar ekan, O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e'lon qilingan dastlabki natijalar ko'ra, 27-oktabr kuni bo'lib o'tgan va 15 milliondan ko'proq saylovchi ishtirok etgan mamlakat parlamenti saylovi yangi demokratiya modeli bilan birga adolatli saylov tizimini o'zida aks etganini qayd etadi.

 

"Xalqaro kuzatuvchi sifatida shaxsan o'zim bevosita guvohi bo'lganim 2024-yilgi O'zbekiston saylovlari "Kuchli parlament"ni barpo etish yo'lidagi burilish nuqtasi bo'ldi. Albatta, bu jarayonga kuzatuvchi bo'lib ishtirok etish faqat men bilan cheklangan emas. Jami 851 kishi, jumladan, dunyoning ko'plab nufuzli mintaqaviy xalqaro institutlari va tashkilotlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatning eng chekka burchaklariga qadar xalqaro kuzatuvchi sifatida borib, saylov jarayonini yaqindan kuzatdi", – deya ta'kidlagan muallif.

 

Shaffof, erkin va adolatli muhitda o'tgan saylovda keskin raqobat barobarida, o'zbek xalqining donoligini va O'zbekistondagi demokratik madaniyat saviyasini aks ettiruvchi partiyalar o'rtasidagi o'zaro hurmat, ehtirom va siyosiy axloq namoyishi xalqaro kuzatuvchilarning e'tiboridan chetda qolmadi.

 

Maqola xulosasida, "Saylovni o'tkazishda katta muvaffaqiyatga erishgan Yangi O'zbekiston o'zi ishlab chiqqan model va tajriba bilan Uchinchi Uyg'onish davri ruhiga mos ravishda bu kuchli yurishni "model davlat" sifatida davom ettirishini ma'lum qildi. Saylov jarayonlarini yakunlagan O'zbekiston endi butun e'tiborini oldidagi maqsadlarga qaratadi", – deb yozgan "ANKASAM" rahbari.