Istanbul tijorat universitetida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma ochildi
ISTANBUL, 1-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati bilan birgalikda Istanbul tijorat universitetida O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, sayyohlik salohiyati va boy madaniy merosiga bag'ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Turkiyaning Madaniyat universiteti, Ibn Xaldun universiteti va Istanbul universiteti professor-o'qituvchilari, yetakchi tadbirkorlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Mamlakatimiz diplomatlari yig'ilganlarni O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi tashabbuslari va ishtiroki bilan tanishtirdilar. Turkiy davlatlari tashkiloti doirasida erkin savdo shartnomasi kabi mintaqaviy loyihalarni qo'llab-quvvatlash savdo hajmining o'sishiga katta hissa qo'shishi ta'kidlandi.
O'zbekiston sanoat, qishloq xo'jaligi, energetika, turizm va boshqa bir qator sohalarida TDT a'zo davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorliklarni mustahkamlanayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizning mintaqaviy transport yo'laklarini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari va ushbu loyihalardagi ishtirokiga e'tibor qaratildi.
Tadbir doirasida Istanbul tijorat universitetida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga oid ko'rgazmasi ochildi. Mazkur ko'rgazma 3 martga qadar davom etadi.