2022-yil 11-mart kuni Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi diplomatik forumda ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Helga Shmid bilan uchrashdi.
O‘zbekiston bilan YXHT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston bilan YXHT o‘rtasida so‘nggi yillarda o‘rnatilgan ochiq va ishonchli muloqotni alohida ta’kidladilar, har uch yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Poytaxtimizda joriy yil 3-4-mart kunlari “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi global strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusida bo’lib o’tgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning samarali natijalari qayd etildi.
O‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ayrim mintaqaviy masalalar, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.