Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining bayonoti


Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining bayonoti

Soʻnggi kunlarda ayrim xorijiy mamlakatlarda, xususan, Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasida yangi koronavirus infeksiyasi aniqlanish holatlari soni tubdan oshib ketib, epidemiologik vaziyat keskin yomonlashuvi kuzatilmoqda. Xususan, joriy yil 20-dekabr holatida Buyuk Britaniyada kunlik kasallik holati 36 mingga, Germaniyada 21 mingga yaqin, Italiyada 15 mingdan, Niderlandiyada 13 mingdan, Janubiy Afrika Respublikasida 9 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.

Ushbu mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda aksariyat Yevropa va boshqa davlatlar tomonidan epidemiologik vaziyatni murakkablashtirmaslik maqsadida yuqoridagi davlatlar bilan xalqaro aviatashuvlarni cheklash boʻyicha qarorlar qabul qilindi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, dunyodagi epidemiologik vaziyatning tezkor keskinlashuvi sharoitida mamlakatimizdagi epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish, koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi oʻchoqlari paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan

Joriy yil 21-dekabr sanasidan 2021-yil 10-yanvarga qadar Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) toʻxtatiladi. 

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari fuqarolari, ushbu davlatlarda doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda soʻnggi 14 kun davomida mazkur davlatlarda boʻlgan uchinchi davlat fuqarolari yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasiga kiritilmasligi belgilandi. 

Shuningdek, soʻnggi 14 kun davomida Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlarida boʻlgan holda uchinchi davlatlar orqali Oʻzbekistonga kirib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasida yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi belgilab qoʻyildi.

Mazkur joriy etilayotgan cheklovlar ushbu davlatlardagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sari bosqichma-bosqich bekor qilib boriladi.

Shu munosabat bilan, Respublika maxsus komissiyasi jahondagi ushbu murakkab vaziyatni inobatga olgan holda fuqarolarimizdan jamoat joylarida niqob taqib yurish, restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish obyektlarida 30 kishidan oshmagan holda tadbirlarni oʻtkazish, shuningdek, vazirlik, idoralar va davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik birlashmalarida turli xil korporativ bayram tadbirlari tashkil etmaslik toʻgʻrisidagi karantin cheklovlariga qatʼiy amal qilishni soʻrab qoladi.

Shu bilan birga Respublika maxsus komissiyasi fuqarolarimizning oʻzi va oila aʼzolarining sogʻligʻini asrab-avaylash maqsadida kirib kelayotgan yangi yilni oila davrasida kutib olish zarurligini yana bir bor eslatib oʻtadi.