2022-yilning 12-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan ikkinchi Diplomatik forumdagi ishtiroki doirasida Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu bilan uchrashdi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi (1992-yil 4-mart) munosabati bilan o‘zaro tabriklar bilan boshlandi.
Vazirlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, fan, ta’lim va boshqa sohalardagi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, tomonlarning xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro munusabatlarini muhokama qildilar.
Turli daraja va shakllardagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali, xususan, Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi majlisini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo muloqotni kengaytirish, faol iqtisodiy diplomatiyani ilgari surish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari yuzasidan fikr almashildi.