Istanbul shahrida ta'lim olayotgan va vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarimiz muammolari o'rganildi
ISTANBUL, 23-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulligi xodimlari Kent universitetida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o'tkazdilar va ushbu shaharda vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar uchun konsullik sayyor qabuli tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bosh konsulxona xodimlari ishtirokchilarni O'zbekiston rahbariyati tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlar, shu jumladan yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish, qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, yoshlar bandligini ta'minlash bo'yicha vazifalar yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdilar.
O'zbekistonning «Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risidagi» qonuni mazmun-mohiyati alohida ta'kidlandi. Shuningdek, mamlakatimizning boy ma'naviy merosi, ilm-fan taraqqiyotiga qaratilayotgan yuksak e'tibor va o'zbek-turk munosabatlarining holati qayd etildi.
ADS huquqiy-maslahat byurosida tashkil etilgan sayyor qabul davomida esa mehnat migrantlariga qator masalalarda huquqiy maslahatlar berildi.