O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan odam savdosida ayblanayotgan mamlakatimizning ikki fuqarosi qo'lga olingani haqida xabar tarqatdi va ularning rasmlarini e'lon qildi
ISTANBUL, 12-yanvar. /"Dunyo" AA/. Turkiya va O'zbekiston IIV hamkorligida o'tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 2017 va 2018-yildan buyon qidiruvda bo'lgan mamlakatimizning ikki nafar fuqarosi 10-yanvar kuni Istanbul shahrida qo'lga olindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston Bosh konsulxonasining telegram kanalida ma'lum qilinishicha, 2018-yildan buyon qidiruvda bo'lgan 1985-yilda tug'ilgan Dilnoza Umarova va 2017-yildan beri qidiruvda bo'lgan 1983-yilda tug'ilgan Mavludoxon Ulmasovalar 2024-yil 10-yanvar kuni Turkiya va O'zbekiston IIV hamkorligida Istanbul shahrida o'tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida qo'lga olingan. Ular odam savdosi bilan shug'ullanganlikda ayblanmoqda.
Shu munosabat bilan, ushbu shaxslarning xatti-harakatlaridan jabr ko'rgan fuqarolarga Istanbul shahridagi Bosh konsulxona yoki O'zbekiston IIVga murojaat qilishi so'raldi.
Xabarda ta'kidlanishicha, jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta'minlash maqsadida Turkiya hududida hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari tizimli ravishda davom ettiriladi.
O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi telegram kanalidan olingan surat