Anqara shahrida Vatanimiz himoyachilari kunini nishonlashga bag'ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo'lib o'tdi
ANQARA, 15-yanvar. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Anqara shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida o'qiyotgan talabalar va vaqtincha bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolari ishtirokida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga bag'ishlangan «Yangi O'zbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak g'urur va sadoqat timsolidir!» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbir davomida Qurolli Kuchlarimiz yaratilish tarixi, so'nggi yillarda amalga oshirilgan va milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyatini tubdan o'zgartirgan keng ko'lamli islohotlar, jumladan qo'shinlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarni axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, ularga va oila a’zolariga yaratilgan ijtimoiy qulayliklar va imtiyozlar hamda «Xalq va armiya – bir tanu bir jondir» tamoyili ostida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni qadriga yetish va ko'z qorachig'idek avaylash har bir O'zbekiston fuqarosining burchi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg'ulotlariga bag'ishlangan "Yangi O'zbekistonning yangi armiyasi" mavzusida videorolik namoyish etildi.
Shu bilan birga, Turkiyadagi talabalar O'zbekiston Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatni o'tash yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.