Turkiyadan munosabat: Tashrif davomida imzolangan mustahkam hujjatlar to'plami O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlashga va Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi
ANQARA 28-yanvar. /«Dunyo» AA/. Turkiya ijtimoiy-siyosiy doira vakillari «Dunyo» AA uchun intervyularida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-25-yanvar kunlari Xitoyga buyurgan davlat tashrifi yakunlarini e’tirof etdilar:
Turkiya Buyuk Millat Majlisining (Parlamenti) qonunchilik bo'yicha eksperti Mesut Emre Karakose:
– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi va oliy darajadagi uchrashuvlar o'tkazishi ham ko'p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, ham keng Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, mamlakatingiz yetakchisi tashabbusi bilan xorijiy davlatlar bilan do'stlik va o'zaro ishonch muhitini shakllantirishga qaratilgan yangi tashqi siyosat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O'zbekiston va Xitoy rahbarlari tomonidan o'tgan yillar davomida o'zaro munosabatlarda erishilgan qudratli siljish, barcha darajadagi aloqalar dinamikasi o'sib borayotgani, siyosiy muloqot va asosiy masalalar bo'yicha qo'llab-quvvatlash mustahkamlangani alohida qayd etmoqchiman.
Shuningdek, 2023 yilning noyabr oyida Pekinda o'zaro hamkorlikning yangi mexanizmi – Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti mexanizmining ishga tushirilishi, shuningdek, parlamentlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashganini alohida ta’kidlash joiz.
Shu nuqtayi nazardan, O'zbekiston yetakchisining tashrifi doirasida Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo'mitasi Raisi Chjao Letszi bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda parlamentlararo muloqotni kengaytirish, «O'zbekiston-Xitoy» do'stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, shuningdek, oliy darajadagi kelishuvlarning amaliy ijrosi ustidan parlament nazoratini o'rnatish muhim kabi masalalar muhokama qilindi.
Ishonchim komilki, 2023 yilda O'zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari o'tkazilgani, shu kunlarda Pekinda XXRdagi O'zbekiston madaniyati kunlari doirasida bo'lib o'tayotgan bir qator tadbirlar ikki davlat o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo'shadi.
«EkoAvrasya» Yevroosiyo iqtisodiy aloqalar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Hikmet Eren:
– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi va uchrashuvlari yakunlarini katta qiziqish bilan kuzatdim.
O'zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy davlat bo'lib, Buyuk ipak yo'li bo'ylab Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari o'rtasidagi transport, savdo va energetika yo'laklari kesishgan chorrahada joylashgan. Shu munosabat bilan Pekin Toshkent bilan ko'p qirrali va o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlash lozim. Masalan, so'nggi yillarda Xitoyning O'zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi hajmi 5 barobar, qo'shma korxonalar soni esa 3 barobar oshdi. 2023 yil yakuniga ko'ra o'zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun real salohiyat va imkoniyatlar mavjud.
O'zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorligini e’tirof etish kerak. Jumladan mamlakatning ushbu moliya tashkiloti bilan qo'shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshdi, jalb qilingan investitsiyalar hajmi esa birgina 2023 yilda 1 milliard dollarga yetdi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan strategik xom ashyoni chuqur qayta ishlash va respublikada ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirish loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Ishonchim komilki, tashrif yakunlari bo'yicha imzolangan 16 ta hujjatdan iborat mustahkam to'plam O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlashga, nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.