Turkiyaning Elazig' viloyati ishbilarmon doira vakillari O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati bilan tanishdilar
ANQARA, 29-yanvar. /"Dunyo" AA/. Turkiyaning Elazig' viloyati tadbirkorlari O'zbekistonning investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston elchixonasi vakillari amaliy safar bilan Turkiyaning Elazig' viloyatida bo'lishdi. Tashrif davomida O'zbekiston investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Unda Elazig' viloyati Savdo-sanoat palatasi, Sanoat zonasi uyushmasi, Turkiya taraqqiyot agentligi hamda Kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash tashkiloti (KOSGEB) hududiy rahbarlari va yetakchi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida o'zaro savdoni rivojlantirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar va qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar O'zbekiston uchun dolzarb bo'lgan qurilish materiallari, farmatsevtika, zargarlik sanoati, shisha, charm-poyabzal va mebelsozlik sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish hamda o'zaro aloqalarni jadallashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv natijasida Elazig' viloyati Savdo-sanoat palatasi boshqaruv kengashi raisi boshchiligidagi ushbu hudud ishbilarmonlar delegatsiyaning 2024-yilning ikkinchi yarmida O'zbekistonga ishchi safarini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.
O'zbekiston vakillari Elazig' viloyati merining birinchi o'rinbosari Nazif Bilginog'lu va gubernator o'rinbosari Oltan Bayraktar bilan ham samaralari muzokaralar o'tkazdilar. Uchrashuvlar yakunlari bo'yicha hududlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, biznes-forum va davra suhbatlari tashkil etish to'g'risida kelishuvlarga erishildi.
Diplomatlar, shuningdek, Elazig' viloyatidagi «Aktaş Grup» korxonasi, "Erenler" va «Akdağ Marble» kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazdilar va mazkur korxonalar quvvatlari bilan yaqindan tanishdilar.