Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Belarus rahbarlarining muzokaralar yakunida qabul qilingan qarorlarni amaliy bajarilishi ikki tomonlama rivojlanish uchun kuchli rag'bat bo'lib xizmat qiladi
ANQARA, 12-fevral. /"Dunyo" AA/. Turkiyaning "RUSEN" Rossiya va MDH mamlakatlarini o'rganish instituti direktori Solih Yilmaz "Dunyo" AA uchun intervyusida Belarus Prezidentining 7 O'zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:
– O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi munosabatlar, ayniqsa, keyingi yillarda jadal sur'atlar bilan rivojlanib bormoqda. Tashrif arafasida o'tkazilgan Hukumatlararo komissiya yig'ilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli o'tkazilgani ham buning yaqqol dalilidir.
O'zbekiston va Belarus Prezidentlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari natijalarini, Hukumat rahbarlari, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasida, shuningdek, xalqaro tuzilmalar, shu jumladan, BMT, MDH, ShHT va boshqa tashkilotlar doirasida faol siyosiy muloqot va o'zaro qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga ahdlashib olganlarini alohida qayd etish kerak.
Ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2023-yil yakunlari bo'yicha 2022-yildagi ko'rsatkichdan 15 foizga oshganiga qaramay, tomonlar kelgusi yillarda bu ko'rsatkichni 1 milliard dollardan ziyodga oshirishga kelishib oldilar. O'zbekiston va Belarusda hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud va undan samarali foydalanish, shubhasiz, ko'zlangan maqsadga erishish imkonini beradi.
O'zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi qo'shma korxonalar soni to'rt barobarga ko'payganini alohida ta'kidlash joiz. Ikki mamlakat yetakchilari hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga va yuk tashish uchun o'zaro qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro avtomobil tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyo bozorlari yo'nalishida multimodal yo'laklardan samarali foydalanish bo'yicha kelishuvlarga alohida e'tibor qaratmoqda.
Ishonchim komilki, O'zbekiston va Belarus rahbarlarining muzokaralar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo'yicha qo'shma «yo'l xaritasi»ni tayyorlash va qabul qilish to'g'risida kelishuvga erishilgani ikki tomonlama amaliy rivojlanish uchun kuchli rag'bat bo'lib xizmat qiladi.