Hasan Yilmaz: Ko'rsatilayotgan yordam uchun o'zbek xalqidan cheksiz minnatdormiz
TOSHKENT, 16-fevral. /"Dunyo" AA/. Turkiya hududida 2023-yil 6-fevral kuni sodir bo'lgan kuchli zilziladan bir yil o'tib, o'zbekistonlik bir guruh jurnalistlar ushbu tabiiy ofatdan eng ko'p talofat ko'rgan Qahramanmarash, Adiyaman va Malatya shaharlarida bo'lishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
7,8 magnitudali birinchi yer silkinishlari mahalliy vaqt bilan soat 04:17da (Toshkentda 06:17 da) sodir bo'lgan bo'lsa, 7,5 magnitudali ikkinchi yer silkinishi mahalliy vaqt bilan 13:24 da (Toshkent vaqti bilan 15:24) kuzatilgan edi.
Zilzila kuchi ushbu mamlakatning 18 ta viloyatda sezildi, ammo ulardan 11 tasi eng ko'p zarar ko'rdi. Bular Qahramanmarash, Hatay, Adiyaman, Osmaniya, Gaziantep, Shanliurfa, Malatya, Diyarbakir, Adana, Kilis va Elazig viloyatlaridir.
Kuchli yer silkinishi oqibatida Turkiyada 50,7 mingdan ortiq kishi halok bo'ldi, ulardan 7302 nafari xorijliklardir. 107 mingdan ortiq kishi tan jarohati oldi, 160 ming bino quladi yoki jiddiy zarar ko'rdi, 1,5 millionga yaqin odam o'z boshpanasidan ayrildi.
Uy-joysiz qolgan aholi maktablar va boshqa qulay binolarga joylashtirildi, ba'zilarga brezentdan yasalgan chodirlar berildi va keyinroq esa ularni konteynerdan barpo etilgan shaharchalarga ko'chirishdi.
Ushbu aholi punktlarida turar-joylardan tashqari, masjidlar, tibbiyot markazlari, ko'chma oshxonalar va ijtimoiy do'konlar mavjud bo'lib, ularda xaridlarni naqd pulda emas, balki Esen kartasi orqali to'lovni amalga oshirish mumkin. Bolalar sport maydonchalari qurildi, yangi maktablar ochildi. Maktab bo'lmagan hudud bolalari uchun esa televizorda onlayn darslar yo'lga qo'yildi.
Bugungi kunda zilziladan zarar ko'rgan hududlarda yangi turar-joylar barpo etish ishlari jadal davom etmoqda. Yangi uylar Turkiya davlat uy-joy boshqarmasi (TOKİ) tomonidan qurilyapti. Eslatib o'tamiz, TOKİ zilziladan jabr ko'rgan 10 viloyatda 133 ming 759 ta uy qurgan. Yer silkinishlari paytida ularning hech biri talofat ko'rmadi. TOKİ maktablar, masjidlar va huquq-tartibot idoralari uchun binolar qurgan, ular zilzila bardosh mustahkam poydevor ustiga qad rostlagan.
Yaqinda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an 9 ming fuqaroga Qahramonmarash shahrida yangi kvartira va uylar kalitlarini topshirdi.
«Fuqarolarimiz tinch bo'lsin, – dedi Turkiya rahbari. – Ular o'z davlati va hukumatiga ishonishlari kerak».
Qayd etilishicha, Turkiya hukumati yil oxirigacha 200 mingdan ortiq yangi uylarni foydalanishga topshirishni rejalashtirgan. Bu maqsadni amalga oshirish uchun mamlakatda har oyda 15-20 ming ko'p qavatli kvartiralar va yakka tartibdagi uy-joylar qad rostlayapti.
Biroq jabrlanganlar uy-joyni tekinga olmaydi. Adiyaman viloyati gubernatori Usmon Varol ta'kidlaganidek, yangi uy-joy narxining 50 foizini davlat to'laydi, qolgan mablag' 2 yillik imtiyozli davr va 20 yillik foizsiz to'lov muddati bilan mulkdor tomonidan qoplanadi.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi ma'lumotga ko'ra, hududda ro'yxatga olingan 8,5 mingdan ortiq madaniy obyektlar zilziladan zarar ko'rgan. Ularni saqlab qolish uchun restavratsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Turkiya zilzilalardan keyin xalqaro yordam so'radi. Tabiiy ofat zonasiga dunyoning 90 ta davlatidan qidiruv-qutqaruv guruhlari yetib keldi. Jumladan, O'zbekiston birinchilardan bo'lib o'z qutqaruvchilarini jo'natdi. Tabiiy ofatning ertasi kuni O'zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining 100 kishidan iborat qutqaruv guruhi, 71 nafar shifokor, maxsus texnika va jihozlar bilan jihozlangan samolyot, shuningdek, halokat hududlariga 700 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami yuborildi.
«Zilzila oqibatlarini ilk kunlardanoq bartaraf etishda ko'rsatilayotgan yordam uchun O'zbekiston rahbariyati va xalqidan cheksiz minnatdormiz, – deydi Adiyaman shahri vakillaridan biri Hasan Yilmaz. – Zilzila natijasida Adiyaman hududi xarobaga aylandi. Ko'plab do'stlarim va tanishlarim vayronalar ostida qoldi. Uzoq yillar o'zbek qardoshlarimiz bilan yonma-yon yashadik. Shunday og'ir kunlarda biz yana birga bo'lishimizni kutmagandim. Ular tinch va xotirjam hayotlaridan voz kechib, bu yerga kelib bizga yordam qo'lini cho'zdilar. O'zbekistonliklar bizga xuddi oila a'zolarimizdek g'amxo'rlik ko'rsatishda. Bizga yordam qo'lini cho'zgan o'zbek xalqiga va qutqaruvchilarga o'z minnatdorligimni bildiraman».