Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Istanbulda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag'ishlangan adabiy kecha o'tkazildi


Istanbulda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag'ishlangan adabiy kecha o'tkazildi

ISTANBUL, 28-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulligi tomonidan buyuk mutafakkirlar — Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan adabiy kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ma'rifiy tadbirda Turkiyada vaqtincha yashayotgan va ta'lim olayotgan vatandoshlar hamda o'zbek mumtoz adabiyoti ixlosmandlari qatnashdi.

 

Bosh konsul Sherzod Abdunazarov tadbirning ochilish qismidagi nutqida so'nggi yillarda O'zbekiston-Turkiya munosabatlarining rivojlanishida ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi ishonchli va yaqin do'stona aloqalar katta turtki bo'layotganini ta'kidladi. Diplomat, shuningdek, Navoiy va Bobur asarlarida ilgari surilgan g'oyalarga e'tibor qaratdi. Jumladan, Navoiyning turkiy til ulug'vorligini ilmiy jihatdan isbotlab bergan "Muhokamatu-l-lug'atayn" asaridan o'rin olgan muhim ma'lumotlar qayd etildi. Bobur ijodida Vatan sog'inchi va insoniylik qadriyatlarga muhim o'rin ajratilgani urg'ulandi.

 

Istanbul universiteti professori, doktor Muala Uydu Yujelning Navoiy va Bobur ijodi hamda ularning jahon adabiyoti rivojiga qo'shgan hissalariga bag'ishlangan ma'ruzasi yig'ilganlarga katta qiziqish uyg'otdi.

 

Iste'dodli xonandalar Zohirshoh Jo'rayev va Adolat Ismoilova tomonidan Navoiy hamda Bobur g'azallari asosida ijro etilgan mumtoz qo'shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.