Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Anqarada o'zbek-turk diplomatik munosabatlariga bag'ishlangan "Mushtarak kelajak: O'zbekiston-Turkiya" hujjatli filmining premyerasi bo'lib o'tdi


Anqarada o'zbek-turk diplomatik munosabatlariga bag'ishlangan "Mushtarak kelajak: O'zbekiston-Turkiya" hujjatli filmining premyerasi bo'lib o'tdi

ANQARA, 12-mart. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 4-mart kuni O'zbekiston va Turkiya o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 32 yil to'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu sanaga bag'ishlab O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Anqara shahrida ma'rifiy tadbir o'tkazildi. Tadbir doirasida Turkiya Prezidenti ma'muriyati huzuridagi Kommunikatsiyalar idorasi hamda "Mahalliy tafakkur" jamiyati bilan hamkorlikda tayyorlangan "Mushtarak kelajak: O'zbekiston-Turkiya" hujjatli filmining premyerasi bo'lib o'tdi.

 

Unda Turkiya Prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchu, O'zbekiston elchisi Alisher A'zamxo'jayev, Turkiya Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri o'rinbosari Yavuz Selim Kiran, Turkiya Buyuk Millat Majlisi Milliy ta'lim, madaniyat, yoshlar va sport ishlari komissiyasi raisi Mahmut O'zer, Anqara shahrida tahsil olayotgan vatandoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

Anjumanning ochilish qismida so'zga chiqqanlar o'zbek-turk diplomatik munosabatlariga to'xtalib, ayniqsa so'nggi yillarda kuzatilgan yuksak hamkorlik natijalarini alohida e'tirof etdilar. Turkiya Prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchu Yangi O'zbekiston g'oyasi ostida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonini yuksak baholadi.

 

"So'nggi 5 besh yilda bir necha bor qardosh va do'st O'zbekistonga borish sharafiga muyassar bo'ldim. Har borganimda bir yangilikka guvoh bo'laman. Yangi O'zbekiston jadal odimlar bilan taraqqiy etmoqda. Mamlakatda har soha, har jabha, har bir shahar rivojlanmoqda. So'nggi yillarda o'zbek-turk munosabatlari ham havas qilgulik darajaga yetdi. Buning asosiy sababi bir-biriga "qardoshim" deya murojaat qiladigan muhtaram prezidentlarimizning siyosiy irodasi va do'stligidir", dedi u.

 

Elchi Alisher A'zamxo'jayev o'z nutqida O'zbekiston-Turkiya diplomatik munosabatlarining 32 yilli davomida erishilgan yutuqlarni ta'kidladi. "Bugun taqdim etilgan film ana shu tariximizni aks ettiradi. Zero, O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi munosabatlar boshqalarga namuna bo'lmoqda, desak mubolag'a bo'lmaydi. Aloqalarimiz keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga yetdi. Bu juda katta muvaffaqiyat. Ushbu siyosiy aloqalarimizga munosib ravishda iqtisodiy hamkorligimizni ham tobora rivojlanmoqda. Ikki davlat o'rtasidagi o'zaro savdo hajmini yaqin yillarda 5 milliard, o'rta muddatda esa 10 milliard dollarga yetkazish ustida jadal ish olib borilyapti. O'tgan yilning dekabr oyining oxirida O'zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo qo'shma iqtisodiy komissiyasi yig'ilishini o'tkazdik. O'tgan 3 oylik qisqa vaqt ichida o'nlab yuqori darajadagi delegatsiyalar tashrifi amalga oshirildi. Ana shunday jadal faoliyat bilan munosabatlarimizni yanada yuqori darajaga ko'taramiz. Film nomida aytilganidek, umumiy kelajagimizni birgalikda quramiz", dedi diplomat.

 

Turkiya Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri o'rinbosari Yavuz Selim Kiran O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi madaniy, tarixiy va ma'naviy o'xshashliklarni qayd etdi.

 

"Garchi minglab kilometr yiroqda bo'lsa-da, Movarounnahrning markazida – bugungi O'zbekistonda bizning ma'naviy ildizlarimizni tashkil qilgan son-sanoqsiz yodgorliklar va madaniy obidalar mavjud. Shu sababli ham O'zbekiston nomi tilga olinganda har birimizning qalbimiz o'zgacha his-hayajonga to'ladi. Binobarin, O'zbekiston o'z mustaqilligini e'lon qilganda uni birinchi bo'lib tan olgan davlat, shuningdek, Toshkentda ilk elchixonasini ochgan mamlakat Turkiya bo'lgani aslo tasodif emas", dedi Yavuz Selim Kiran .

 

Tadbirning rasmiy qismidan so'ng mehmonlar e'tiboriga "Mushtarak kelajak: O'zbekiston-Turkiya" hujjatli filmi namoyish etildi. Qayd etish kerakki, mazkur filmda o'zaro diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlar yo'li batafsil yoritilgan. Shu bilan birga, filmda Yangi O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarning samarali natijalari va mamlakatimizning boy merosi hamda turizm salohiyati haqida batafsil ma'lumotlar tomoshabinlar hukmiga taqdim etilgan.

 

"Mushtarak kelajak: O'zbekiston-Turkiya" hujjatli filmi Turkiya televideniye kanallarida efirga uzatilishi rejalashtirilgan.