Turkiyadan munosabat: So'nggi yillarda O'zbekiston yangi jarayonga, yangi davrga qadam qo'ydi
ANQARA, 26-mart. /"Dunyo" AA/. Turkiyalik mashhur olim Muhammed Emin Yildirim "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekistonda ma'naviy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni e'tirof etdi:
— Ilm deganda birinchi galda ko'z o'ngimizda O'zbekiston zamini keladi. Chunki, ushbu mamlakat o'rnida qadimda ravnaq topgan Movarounnahr yuzlab olimlarga beshik bo'lgan. So'nggi yillarda ikki marta yurtingizga borish bizga nasib etdi. Ishoning, O'zbekistonni qayta-qayta ko'rgim kelaveradi. Chunki, O'zbekistonning har bir qarich tuprog'ida olimu ulamolar xoki yotibdi. Siz bilan biz bilmagan olimlar butun hayotini ushbu mintaqada o'tkazgan. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy va Naqshbandiy kabi buyuk olimlar muqaddas dinimiz rivojida munosib hissa qo'shganini hech kim inkor qilolmaydi.
O'zbek diyori ilm ummoni sifatida tarixda alohida iz qoldirgan. O'zbekistonni, xususan, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva kabi muqaddas shaharlaringiz bo'ylab qilgan sayohatlarimni doimo eslab yuraman. Ayniqsa, Samarqand shahridagi Shoh Zinda maqbaralar majmuasi menda katta taassurot qoldirgan.
Ramazon oyining ushbu kunidagi barcha duolarimiz O'zbekiston uchun bo'lsin! So'nggi yillarda O'zbekiston yangi jarayonga, yangi davrga qadam qo'ydi. Ushbu xayrli ishga bosh qo'shganlarning ishlarini Yaratganning o'zi barakali qilsin!