Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Tojikiston ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori
ANQARA, 20-aprel. /"Dunyo" AA/. Turkiya Buyuk Millat Majlisining (Parlamenti) mudofaa va xavfsizlik bo'yicha eksperti Mesut Emre Karakose "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrif haqidagi fikrlarini bildirdi:
–O'zbekiston Prezidentining tashrifi ikki mamlakat o'rtasidagi yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashga intilishi yuqori darajada ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston va Tojikiston Prezidentlari o'rtasidagi uchrashuvning eng muhim jihati ikki davlat o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning eng yuqori darajasi va ishonch belgisi bo'lgan Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnomaning imzolanishi bo'ldi.
Qayd etish kerakki, mazkur shartnoma 2022 yil 3 iyun kuni Tojikiston Prezidentining O'zbekistonga rasmiy tashrifi chog'ida imzolangan Abadiy do'stlik va ittifoqchilikni mustahkamlash to'g'risidagi deklaratsiyaning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Har ikki mamlakat ham ko'p qirrali hamkorlikni, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va transport sohalarida yana-da chuqurlashtirish tarafdori.
Ushbu tashrif yangi istiqbollarni ochib, ikki davlat va butun Markaziy Osiyo mintaqasiga uzoq muddatli va ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy ta'sir ko'rsatishiga ishonchim komil.