Anqarada bo'lib o'tgan anjumanda "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar taqdim etildi
ANQARA, 1-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan Turkiya Fanlar akademiyasi bilan birgalikda "O'zbek-turk ilm diplomatiyasi: tarix va bugun" nomli ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Turkiya Fanlar akademiyasi raisi, professor Muzaffer Sheker, Akademiyaning ilmiy kengashi a'zolari, O'zbekistonga oid tadqiqot va ilmiy ishlari bilan tanilgan yetakchi turk olimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda so'z olgan O'zbekiston elchisi Alisher A'zamxo'jayev mamlakatimizda ilm-fan va ta'limni rivojlantirish yo'nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga to'xtalib o'tdi. 2016-yilda O'zbekistonda 70 ta bo'lgan universitetlar soni bugungi kunda 213 taga yetgani, oliy ta'lim qamrovi 9 foizdan 42 foizgacha oshgani, 2026-yilda bu ko'rsatkichni 50 foizga oshirish maqsadi qo'yilgani ta'kidlandi. Yangi qabul qilingan "Innovatsion faoliyat to'g'risida"gi qonun va "Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi" mamlakatimiz olim va tadqiqotchilarini rag'batlantirishda muhim omil bo'layotgani qayd etildi.
Tadbir davomida Turkiya Fanlar akademiyasiga O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha Butunjahon jamiyati tomonidan taqdim etilgan "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlarni topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Ishtirokchilarga loyiha haqida batafsil ma'lumot berildi.
"Bugun O'zbekistonning boy madaniy merosini aks ettiruvchi qimmatli asarlarni Turkiya Fanlar akademiyasining kutubxonasiga taqdim etishdan juda mamnunmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan nashr etilgan "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" deb nomlangan 50 jildlik mazkur kitob-albomlar O'zbekistonning boy tarixiga oid nodir qo'lyozmalar, miniatyuralar, hujjatlar va rasmlarni o'z ichiga olgan. Bu asarlar nafaqat O'zbekiston, butun turkiy tamaddunning, jahon sivilizatsiyasining ham umumiy merosidir. Ushbu asarlar O'zbekiston haqida tadqiqot olib borayotgan Turkiyadagi olimlarga muhim manba bo'lib xizmat qilishiga ishonaman", dedi O'zbekiston diplomatik missiya rahbari.
Turkiya Fanlar akademiyasi raisi Muzaffer Sheker ushbu kitob-albomlar uchun turk olimlari nomidan alohida minnatdorlik bildirdi. "Ushbu noyob asarlarning Turkiya Fanlar akademiyasiga sovg'a qilinishi biz uchun alohida ma'noga ega. Mazkur kitob-albomlar ikki davlat o'rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman. Uni tayyorlashda ishtirok etganlarga o'z minnatdorligim va hurmatimni bildiraman. Umid qilamanki, bu asarlar tadqiqotchilarimiz, talaba yoshlarimiz va keng kitobxonlar uchun muhim manba vazifasini bajaradi. Ushbu loyihaning tashabbuskori bo'lgan O'zbekiston Prezidenti turk olimlari nomidan alohida tashakkurimni izhor qilaman".
Anjumanda "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" loyihasining muayyan qismlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etgan turkiyalik olimlar Mustafa Demirji va Ali Ihsan Chag' mazkur kitob-albomlarni nashrga tayyorlash jarayonlari haqida ma'ruza qildilar.