"Sabah" gazetasi: Uchinchi Renessans me'mori O'zbekiston Prezidenti Turkiyada
ANQARA, 6-iyun. "Dunyo" AA/. Turkiyaning ommabop "Sabah" gazetasida "Uchinchi Renessans me'mori Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyada: Global geosiyosiy o'zgarishlar davrida Toshkent-Anqara hamkorligida yangi bosqich" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"ANKASAM" siyosiy tadqiqotlar va tahlil markazi direktori Seyfettin Erol qalamiga mansub ushbu salmoqli tahliliy materialda o'zbek-turk aloqalarining ahamiyati, mamlakatimizda so'nggi yetti yilda savdo-iqtisodiy va ma'naviy-ma'rifiy sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi, Yangi O'zbekiston va Uchinchi Renessans g'oyasining mazmun-mohiyati haqidagi fikrlar qog'ozga tushirilgan.
"Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy darajadagi O'zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishida ishtirok etish uchun bugun Turkiyaga keladi, — deyiladi maqolada. —O'zbekiston yetakchisining ushbu tashrifi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar nuqtai nazaridan, balki ikki davlat o'rin olgan mintaqaviy-global hamkorlikning kelajagi va loyihalari nuqtai nazaridan ham tarixiy ahamiyatga ega"
Qayd etilishicha, rasmiy Anqara va Toshkent hamkorligi Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, "O'rta koridor" va "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi doirasida izchil rivoj topmoqda.
Nashrda O'zbekiston-Turkiya Sharq va G'arb o'rtasidagi markaziy geografiyada, mintaqaviy-global geosiyosat qayta tiklanayotgan bir davrda ikki muvozanatli ko'prik davlat sifatidagi tarixiy rolni o'z zimmasiga olayotgani urg'ulangan.
"Qardoshlik ruhi asosida qurilgan Turkiya-O'zbekiston mustahkam munosabatlari 2016-yilda janob Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan so'ng tobora ko'p qirrali va chuqur tus olib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, bugun bo'lib o'tadigan oliy darajadagi O'zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig'ilishi mavjud keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtiradi", deyilgan materialda.
Muallifga ko'ra, ikki tomonlama munosabatlarning kun tartibidagi asosiy masalalardan biri — bu iqtisodiy diplomatiyadir. "Turkiya O'zbekiston uchun eng muhim savdo hamkorlaridan biri bo'lib, bu jihatdan to'rtinchi o'rinni egallaydi. 2023-yil oxirida o'zaro savdo hajmi 3,1 milliard dollarga yetdi. Kelgusi ikki yil ichida 5 milliard dollarga erishish kutilayotgan bo'lsa, uzoq muddatli yangi maqsad 10 milliard dollar sifatida belgilangan", — deya qayd etgan u.
Rasmiy Anqaraning "Yangi Osiyo" siyosati nuqtai nazaridan ham O'zbekiston, shubhasiz, katta ahamiyatga ega. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi qadamlar va mintaqani qamrab olgan qo'shma loyihalar O'zbekistonning o'z mintaqasida barqarorlikni oshirishga qaratilgan tashqi siyosat strategiyasi bilan Turkiya tomonidan olib borilayotgan siyosatning to'liq uyg'unligi namoyon bo'lmoqda. Binobarin, ikki davlat o'rtasidagi ko'p qirrali strategik sheriklikning rivojlanishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashda nihoyatda ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Qayd etilishicha, Yangi O'zbekiston rahbari janob Shavkat Mirziyoyev o'z mamlakati uchun qanday kelajakni orzu qilsa, Markaziy Osiyo uchun ham xuddi shunday istiqbolni xohlaydi.
"Prezident Shavkat Mirziyoyevning tinchliksevar va konstruktiv tashqi siyosati atrofdagilarning unga bo'lgan ishonchini namoyon etadi. O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari formati bu jarayonning eng aniq yutug'idir. O'zbekiston va Markaziy Osiyo geosiyosatining ahamiyati ortib borayotgan bir vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur mintaqani raqobat maydoni emas, balki hamkorlik maydoni sifatida ko'rayotgani yuksak baholanmoqda", — deb yozgan muallif Seyfettin Erol.