Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Anqaradan munosabat: Turkiya va O'zbekiston o'rtasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka ijobiy ta’sir ko'rsatadi


Anqaradan munosabat: Turkiya va O'zbekiston o'rtasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka ijobiy ta’sir ko'rsatadi

ANQARA, 9-iyun. /"Dunyo" AA/. Anqara inqiroz va siyosiy tadqiqotlar markazi "ANKASAM" direktori Mehmet Seyfettin Erol "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6 iyun kuni Turkiyaga bo'lib o'tgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarni bildirdi:



–Tashrif nafaqat ikki tomonlama munosabatlar nuqtayi nazaridan, balki ikki davlat o'rtasidagi mintaqaviy-global hamkorlik istiqbollari va loyihalardagi ishtiroki nuqtayi nazaridan ham tarixiy ahamiyatga ega.

Turkiya-O'zbekiston hamkorligi Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, "O'rta koridor" va "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi doirasida izchil rivoj topmoqda. Boshqacha aytganda, O'zbekiston va Turkiya mintaqaviy-global geosiyosat qayta tiklanayotgan bir paytda Sharq va G'arb o'rtasidagi markaziy geografiyada ikki muvozanatli ko'prik davlatning tarixiy rolini o'z zimmalariga olishmoqda.

Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi asosiy masalalardan biri, shubhasiz, iqtisodiy diplomatiyadir. Turkiya O'zbekistonning eng muhim savdo hamkorlaridan biri bo'lib, bu ko'rsatkich bo'yicha to'rtinchi o'rinni egallaydi. 2023-yil yakuniga ko'ra, o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 3,1 milliard dollarga yetdi. Yangi uzoq muddatli maqsad 10 milliard dollar etib belgilandi. Yaqin bir necha yil ichida ushbu ko'rsatgich 5 milliard dollarga yetkaziladi. Ayni paytda O'zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi ikki mingga yaqin korxona ro'yxatga olingan. Anqarada bo'lib o'tgan biznes-forum va oliy darajadagi tadbirkorlar va uchrashuvlar bu ko'rsatkichning yanada oshishiga xizmat qiladi.

Shubhasiz, O'zbekiston rasmiy Anqaraning "Yangi Osiyo" siyosati nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik va O'zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni ta’kinlashga qaratilgan tashqi siyosat strategiyasi Turkiya olib borayotgan siyosat bilan to'liq uyg'un. Binobarin, ikki davlat o'rtasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka ijobiy ta’sir ko'rsatadi.

Ayni paytda O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida 2016-yildan boshlab amalga oshirila boshlangan o'zgarish va yangilanish jarayoni qat’iy davom etmoqda. "Xalq-jamiyat-davlat" hamjihatligiga asoslangan bu jarayon butun geografiyani qamrab olgan o'zaro manfaatli mintaqaviy taraqqiyotga ham turtki beradi. Mintaqada uzoq yillardan beri kutilgan birdamlik ruhi yana kuchaydi.

Yangi O'zbekistonning poydevori 2016-2023 yillarda qo'yilgan bo'lsa-da, 2023 yil va undan keyingi yillarga mo'ljallangan bosqichma-bosqich islohotlar dasturi mahalliy darajadan mintaqaga, hatto mintaqadan jahon miqyosiga qadar hal qiluvchi qadamlar bilan amalga oshirilishidan dalolat beradi. Darhaqiqat, "O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, ijtimoiy siyosat, ta’lim, qishloq xo'jaligi va mahalliy rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, raqamlashtirish, "yashil" energiyadan foydalanish va eng muhimi, qo'shni davlatlar bilan va butun dunyo bilan konstruktiv integratsiya munosabatlarini rivojlantirish maqsadlari belgilandi. Jahon savdo tashkilotiga a’zolik bilan bog'liq qonunchilikni uyg'unlashtirish bo'yicha 60 dan ortiq hujjatning qabul qilingani ana shunday integratsiya jarayonining yorqin misollaridan biridir.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, ilm-fan, ayniqsa, oliy o'quv yurtlari va ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilayotgani O'zbekistonda malakali kadrlar va jamiyatga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.