Turkiyadan munosabat: BMT O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlamoqda
ANQARA, 2-iyul. /"Dunyo" AA/. Turkiyaning Rossiya va MDH mamlakatlarini o'rganish instituti direktori Solih Yilmaz "Dunyo" AA uchun intervyusida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning O'zbekistonga buyurgan rasmiy tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:
– O'zbekiston Markaziy Osiyoning muhim davlati bo'lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan pragmatik tashqi siyosatga asoslangan holda BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Ta'kidlash joizki, bu BMT Bosh kotibining O'zbekistonga ikkinchi tashrifidir. Uning ahamiyatini O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o'rtasida muhokama qilingan muhim masalalar ko'rsatib berdi. Muzokaralar chog'ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash, O'zbekiston va BMT o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo'shma loyihalarni amalga oshirish holati yuzasidan fikr almashildi.
O'zbekiston hamda BMT o'rtasidagi hamkorlikning jadal sur'ati va misli ko'rilmagan yuqori darajasidan 140 ta qo'shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani dalolat beradi. Bundan tashqari, keyingi yillarda O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Shuningdek, BMT mamlakatda "O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlamoqda. Yil boshidan buyon BMT Bosh kotibining beshta o'rinbosari O'zbekistonga tashrif buyurgani buning aniq tasdig'idir.
Bundan tashqari, shu yilning may oyida O'zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo'mitasiga a'zo bo'ldi, shuningdek, mamlakat Iqtisodiy va ijtimoiy kengash tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma'muriy kengashiga saylandi. BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo'jaligini rivojlantirish bo'yicha xalqaro jamg'armaning vakolatxonasi Toshkentda ish boshladi.
2025-yilda Samarqandda YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi bo'lib o'tishi ham jahon hamjamiyati tomonidan O'zbekiston qo'llab-quvvatlanayotganidan dalolatdir.
Ishonchim komilki, muzokaralar yakunlari bo'yicha 2026-2030-yillarda O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish va uni kelgusida amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishilgani keng ko'lamli o'sish uchun kuchli turtki bo'ladi.