Anqaradan munosabat: O'zbekiston yetakchisining sa'y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi
ANQARA, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. Turkiya Buyuk Millat Majlisining (Parlamenti) mudofaa va xavfsizlik bo'yicha eksperti Mesut Emre Karakose "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 9-avgust kuni Ostona shahrida (Qozog'iston) bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:
– O'zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi siyosatini alohida ta'kidlash kerak. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash konsepsiyasini ishlab chiqish taklifi O'zbekiston yetakchisining bu boradagi oqilona siyosatining mantiqiy davomi bo'ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasini rag'batlantirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratdi. Bu, shubhasiz ishbilarmonlik muhitini mustahkamlash, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni Markaziy Osiyo mamlakatlariga jalb etishda kuchli rag'bat bo'lib xizmat qiladi.
Mintaqaviy muammolarni birgalikda hal etish bo'yicha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o'tkazish tashabbusi O'zbekiston Prezidentiga tegishli ekanligini alohida ta'kidlamoqchiman.
Yaxshi qo'shnichilik, pragmatizmga asoslangan tashqi siyosat, mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlari hamda Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, O'zbekiston rahbarining sa'y-harakatlari tufayli mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi ikki va ko'p tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi.
Shu bilan birga, O'zbekiston Prezidentiga mintaqa davlatlari o'rtasidagi do'stlik, qo'shnichilik va o'zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni topshirildi. Bu O'zbekiston yetakchisining mintaqani har tomonlama rivojlantirishga qo'shgan hissasi e'tirof etilganidan dalolat beradi.