Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Ozarbayjon ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi


Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Ozarbayjon ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi

ANQARA, 26-avgust. /"Dunyo" AA/. "SASAM" Strategik tadqiqotlar markazi direktori, Turkiya Buyuk Millat Majlisining (Parlamenti) mudofaa va xavfsizlik bo'yicha eksperti Mesut Emre Karakose "Dunyo" AA uchun intervyusida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 22-23-avgust kunlari O'zbekistonga buyurgan davlat tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Ta'kidlash kerakki, tashrif savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgan davrda amalga oshirildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi faol tashqi siyosati tufayli qisqa vaqt ichida O'zbekistonning Ozarbayjon bilan ko'p qirrali munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi.

 

Joriy tashrif chog'ida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning yangi mexanizmi – Oliy davlatlararo kengash majlisi O'zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari raisligida bo'lib o'tgani muhim ahamiyatga ega. Natijada ikki tomonlama aloqalar ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko'tarildi.

 

Ikki mamlakat yetakchilarining savdo-sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo'jaligi va madaniyat kabi ko'p qirrali munosabatlarning barcha sohalari hamda ikki tomonlama kun tartibining boshqa dolzarb yo'nalishlarini muhokama qilishi, shubhasiz, ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga yangi sur'at bag'ishlaydi.

 

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo'yicha siyosiy muloqotni mustahkamlash, ko'p tomonlama platformalarda o'zaro qo'llab-quvvatlash, parlamentlar, hukumatlar, tarmoq boshqarmalari va hududlar darajasida faol aloqalarni davom ettirish bo'yicha kelishuvlarga erishilgani ikki davlat o'rtasidagi qardoshlik munosabatlari chuqurlashib borayotganining tasdig'idir.

 

Kelgusi yilni O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida Iqtisodiy hamkorlik yili deb e'lon qilish to'g'risidagi qaror va 20 ta asosiy yo'nalish bo'yicha dastur qabul qilinishi savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirishga asos bo'lib xizmat qiladi.

 

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ortiq vakili ishtirokida o'tkazilgan O'zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi yakunlari, xususan, umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish, shuningdek energetika, kimyo, tog'-kon sanoati, to'qimachilik sanoati va qishloq xo'jaligi, shaharsozlik va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni alohida qayd etish kerak.

 

Ishonchim komilki, tomonlarning 2025-yilga mo'ljallangan alohida Mintaqalararo kooperatsiya rejasini, ikki mamlakat hududlari sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha hamkorlik dasturini qabul qilish, shuningdek, navbatdagi Hududlar forumni Qo'qon shahrida o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishgani hududlararo aloqalarni samarali faollashtirishga kuchli turtki bo'ladi.