Turkiyada tutqunlikda ushlab turilgan vatandoshimiz qutqarildi
ISTANBUL, 29-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz diplomatlari ko'magida bir necha yildan beri Turkiyada qonunga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilgan yurtdoshimiz X.D. qutqarildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi telegram kanali ma'lumotiga ko'ra, Mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga Qarshi shahridan 21 yoshli fuqaro onasining Istanbulga 4 yil oldin ketgani, 3 yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytib, onasini topish va vatanga qaytarishda yordam so'ragan murojaati kelib tushdi.
Olib borilgan tekshirishlar natijasida, 1982-yil Qarshi shahrida tug'ilgan X.D. Turkiyaning Ushoq shahrida ekanligi, 2020-yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan qonunga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilganligi aniqlandi.
Joriy yilning 27-avgust kuni Bosh konsulxona, Tashqi mehnat migratsiyasining Istanbul shahridagi vakili, "O'zbek ayollari huquqlarini himoya qilish" jamiyati va Turkiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etildi.
Natijada, vatandoshimizning hayotiga va sog'ligiga ziyon yetkazilmagan holda qutqarilib Ushoq shahar ichki ishlar boshqarmasiga olib kelindi.
Turkiya qonunchiligiga binoan shaxsni erkiga xilof ravishda tutqunlikda saqlaganligi uchun M.G.ga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Hozirda vatandoshimiz X.D.ni O'zbekistonga qaytarish bo'yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda.
"Hurmatli vatandoshlar, yolg'on va puch va'dalarga ishonib erkingizni va hayotingizni xavf ostiga qo'ymaslikni, shu kabi vaziyatga tushgan taqdirda Anqaradagi O'zbekiston elchixonasi yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonaga murojaat etishingizni tavsiya qilamiz", - deyiladi Bosh konsulxona murojaatida.