Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Mehmet Jengiz: O'zbekiston xorijiy investitsiyalarimiz geografiyasining markaziga aylandi


Mehmet Jengiz: O'zbekiston xorijiy investitsiyalarimiz geografiyasining markaziga aylandi

ANQARA, 12-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning xalqaro hamkorlari orasida Turkiya alohida o'ringa ega. Madaniyat va til, ma’naviy qadriyatlar, o'zbek va turk xalqlari o'rtasidagi yaqin qardoshlik rishtalari hozirgi bosqichda samarali aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilmoqda. Albatta, hamkorlikning asosiy yo'nalishlaridan biri — bu iqtisodiy yo'nalishdir. Turkiyalik investorlar ikki xalq ravnaqi va rivojlanishiga hissa qo'shish yo'lida O'zbekiston taraqqiyotiga salmoqli ulush qo'shmoqda.



"Dunyo" axborot agentligi muxbiri "Cengiz Holding" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Mehmet Jengiz bilan turk investorlarining O'zbekistonga bo'lgan qiziqishi va intilishi haqida suhbatlashdi.

– Jengiz janoblari, suhbatimiz avvalida "Cengiz Holding" kompaniyasi haqida so'ramoqchi edik. Kompaniya konsepsiyasi va rejalari haqida ma’lumot bersangiz. Tabiyki, eng avvalo, barchani O'zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar qiziqtiradi.

 

– Turkiyada tashkil etilgan "Cengiz Holding" sanoat korxonasi 45 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda korxonada 43 ming kishi ishlaydi. Energetika, konchilik, qurilish va xizmatlar sohalarida tobora o'sib borayotgan kompaniyamiz orqali Turkiya iqtisodiyotini yanada mustahkamlash uchun kechayu kunduz harakat qilmoqdamiz. Tadqiqot va texnologiyalarni rivojlantirishga kiritgan investitsiyalarimiz yordamida biz ishlab chiqarishni odamlarga va atrof-muhitga, ya’ni "yashil" iqtisodiyotga yo'naltirishga ko'mak beryapmiz. Bu jarayonda dunyoning ilg'or tajribasiga e’tibor qaratib, biz ularni birinchi bo'lib tatbiq etyapmiz. Turkiyaning yagona kobalt moddasini ishlab chiqaruvchisi bo'lib, uni aylanma iqtisodiyotning bir qismi sifatida mis konlari chiqindilaridan metallarga qayta ishlov berish orqali ishlab chiqaramiz. Bu usuldagi kobalt moddasini ishlab chiqarish dunyoning hech birida yo'q.

 

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan alyuminiy ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydik. Bu esa "yashil" ishlab chiqarishga o'tish bo'yicha maqsadimizga erishishga yanada yaqinlashtiradi.

 

Turkiyada gidroelektr va quyosh energiyasidan birgalikda foydalaniladigan birinchi gibrid elektr stansiyasini bunyod etdik. Istanbul yangi aeroportiga salmoqli investitsiya kiritdik. Shu kunlarda yarim asrlik tajribamizni xorijga ham targ'ib etishga faol intilyapmiz. Yevropa, Angliya va turkiy davlatlarga yirik miqdorda investitsiyalar kiritdik.

 

O'zbekiston bu geografiyada, ayniqsa, energetika sohasiga investitsiya kiritish bo'yicha bizning markazimizga aylandi.

 

Ma’lumki, Toshkent va Sirdaryoda har birining quvvati 240 MVt bo'lgan ikkita elektr stansiyasiga investitsiya kiritishni yakunladik. Ayni paytda Jizzaxda o'rnatilgan quvvati 550 MVt bo'lgan uchinchi tabiiy gaz elektr stansiyasiga investitsiya kiritish davom etmoqda. Ushbu loyiha amalga oshirilgach, biz O'zbekistonda 1030 MVt o'rnatilgan quvvatga erishamiz.

 

Ta’kidlash kerakki, qisqa vaqtda, ya’ni uch yil davomida mamlakatingizning muhim elektr energiyasi ishlab chiqaruvchisiga aylandik. "Cengiz Holding" faoliyat yuritayotgan barcha hududlarda odamlarga va jamiyatga foyda keltirish an’analariga ega. O'zbekistonda ham bu an’anani davom ettiryapmiz. Biz, ayniqsa, mahalliy aholi bandligini ta’minlashga katta e’tibor qaratamiz. Toshkent va Sirdaryodagi obyektlarimizda band bo'lgan 193 nafar xodimning 108 nafari O'zbekiston fuqarolaridir. Loyihani Jizzaxda amalga oshirish jarayonida ishchilar soni 600 nafarga ko'payadi. Ularning aksariyati o'zbekistonlik do'stlarimiz bo'ldi.

 

– "Cengiz Holding" kompaniyasi mamlakatimiz bilan uzoq yillik hamkorlik tarixiga ega. O'zbekiston-Turkiya aloqalarini har tomonlama rivojlantirish yo'lidagi xizmatlaringiz yuksak baholanib, o'tgan yili mamlakatimizning yuksak davlat mukofotlaridan biri – "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlandingiz. O'zbekistondagi kelgusi rejalaringiz haqida so'zlab bersangiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xorijlik investorlarga qanday ta’sir ko'rsatmoqda? Yurtimizdagi investitsiyaviy muhit sizga ma’qulmi?

 

– Darhaqiqat, O'zbekiston bilan chuqur aloqalarimiz bor. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari turk ishbilarmonlari bilan tez-tez uchrashadi va o'z mamlakatiga investitsiya kiritish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi. O'zbekiston rahbariyatining bizni har jihatdan qo'llab-quvvatlashini doimo yaxshi his qilamiz. Buning uchun Prezident Janobi Oliylariga minnatdorlik bildiraman. "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlanganimiz uchun alohida hurmatimizni izhor etamiz.

 

O'zbekiston — biz uchun juda muhim davlat. An’analarimiz, tariximiz va tilimiz mushtarak bo'lgan O'zbekiston energetika infratuzilmasiga investitsiya kiritishni qo'llab-quvvatlab, mamlakatning energiya ta’minoti xavfsizligini ta’minlashga hissa qo'shmoqchimiz. Energiya ishlab chiqarish ma’lum bir nuqtaga yetganda, o'z faoliyatimizni Turkiyadagi barcha investitsiyalarimizning diqqat markazida bo'lgan qayta tiklanadigan energiya sohasida kengaytirmoqchimiz.

 

Bundan tashqari, O'zbekiston Toshkent va Samarqandni bog'laydigan avtomobil yo'li qurilishi loyihasi ustida ishlamoqdamiz. Ushbu loyihada ishtirok etishdan manfaatdormiz. Qurilish jabhasidagi tajribamizni O'zbekiston bilan bo'lishishdan mamnunmiz.

 

– O'zbekiston energetika sohasining rivojini qanday baholaysiz?

 

– Kelgusida ham O'zbekistonning energetika infratuzilmasini yangilash bo'yicha sa’y-harakatlarni qo'llab-quvvatlash va mavjud hamkorlik aloqalarini mustahkamlash niyatidamiz. O'zbekistonning energetika sohasiga yangi investitsiyalarni jalb etish rejalarimiz bor. O'zbekiston katta tabiiy gaz zaxiralariga ega. Umumiy energiya iste’molining qariyb 85 foizi tabiiy gaz hisobiga qoplanadi.

 

Ma’lumki, so'nggi paytlarda mamlakatda energetika tizimiga investitsiyalarni jalb etish ishlari tubdan rivojlandi. Muhim energiya yetkazib beruvchilardan biri sifatida qayta tiklanadigan energiya manbalariga ham investitsiya kiritmoqchimiz. O'zbekiston kabi tilimiz va madaniyatimiz mushtarak bo'lgan qardosh mamlakatlar taraqqiyotiga hissa qo'shish bundan keyin ham ustuvor vazifamiz bo'lib qoladi.

 

– Yurtimizda bir necha bor bo'lgansiz. Aytingchi, islom va jahon tamaddunining buyuk merosiga ega O'zbekiston Sizda qanday taassurot qoldiradi? Umuman, mamlakatimizning qaysi jihatlari ko'proq yoqadi?

 

– O'zbekiston o'zining joylashuvi, tarixi, boy madaniy qadriyatlari va iqtisodiy salohiyati bilan Markaziy Osiyodagi eng muhim davlatlardan biri hisoblanadi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlaringiz asrlar davomida turkiy-islom sivilizatsiyasining beshigi bo'lib kelgan. Mehmondo'st o'zbek xalqi esa qudratli davlat timsolini ifodalaydi. Asrlar davomida o'zaro uyg'unlashgan tarix va madaniyatning ajoyib namunalari mamlakatni me’morchilik nuqtayi nazaridan butunlay o'zgacha maskanga olib chiqqanini e’tirof etish kerak. Chindan ham, O'zbekiston noyob mamlakat: boy oshxonasidan tortib, rang-barang shaharlari va hududlarigacha.

 

O'zbekiston mustaqilligini birinchi bo'lib tan olgan Turkiyaning bir fuqarosi va mamlakatingiz imkoniyatini yaqindan bilgan tadbirkor sifatida "Cengiz Holding" oilasi nomidan samarali hamkorligimiz O'zbekistonning yanada rivojlanishi, taraqqiyoti va gullab-yashnashiga salmoqli hissa qo'shishiga ishonch bildiraman.