Turkiyaning Trabzon shahrida O'zbekiston faxriy konsulxonasi ochildi
ANQARA, 12-sentabr. /"Dunyo" AA/. Shu yil 9-sentabr kuni Turkiyaning Trabzon shahrida O'zbekiston faxriy konsulxonasining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Shu tariqa O'zbekistonning Turkiyadagi faxriy konsulxonasi soni 4 taga yetdi. Bundan avval, Turkiyaning Bursa, Adana, Antaliya viloyatlarida mamlakatimiz faxriy konsulxonalar ochilgan edi.
Tadbirda Trabzon viloyati gubernatori Aziz Yildirim, Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) deputati, sobiq transport vaziri Adil Karaismailog'lu, Trabzon shahar hokimi o'rinbosari Ahmet Yuksel Gyulay, ATP viloyat raisi Sezgin Mumju, savdo va sanoat palatasi raisi Erkut Chelebi va boshqalar ishtirok etdi.
Trabzon gubernatori Aziz Yildirim o'z nutqida, O'zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan tabriklab, xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik va osoyishtalik tiladi. "Turkiya va O'zbekiston bir-biriga chambarchas tarixiy va madaniy aloqalar bog'lagan ikki qardosh davlat va bu mustahkam birodarlik munosabatlari nafaqat o'tmishdagi do'stlik, balki umumiy maqsadlar va kelajakdagi hamkorlikni ham o'z ichiga oladi. Bugun Trabzonda ochilgan O'zbekiston faxriy konsulxonasi ushbu do'stlik ko'prigini yanada mustahkamlovchi muhim manzilga aylanadi bo'ladi", dedi u.
Tadbir doirasida O'zbekistonning Trabzondagi faxriy konsuli etib tayinlangan Sodiq Soylu bilan mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, yurtimizga Turkiya sarmoyadorlari va sayyohlarini jalb qilish, mahalliy mahsulotlarning Trabzon, Qoradengiz mintaqasi shaharlari va boshqa yirik bozorlarga eksportini oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
"Trabzon va Qoradengiz mintaqasi shaharlarining O'zbekiston bilan savdodan tortib san'atgacha, sportdan madaniyatgacha bo'lgan sohalarda keng ko'lamli aloqalarini yanada rivojlantirishni maqsad qilganman", - dedi faxriy konsul.