Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi munosabatlar barcha yo'nalishlarda jadal rivojlanmoqda
ANQARA, 18-sentabr. /"Dunyo" AA/. "EkoAvrasya" Yevrosiyo iqtisodiy aloqalar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Hikmet Eren "Dunyo" AA uchun intervyusida Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning 15-16-sentabr kunlari O'zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Men Markaziy Osiyoning muhim davlati bo'lgan O'zbekiston bilan Yevropaning iqtisodiy qudrati – Germaniya o'rtasidagi o'zaro aloqalar rivojini katta qiziqish bilan kuzataman.
O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi munosabatlar barcha yo'nalishlarda jadal rivojlanmoqda, biroq ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo'nalishi savdo-iqtisodiy sohadir.
Ta'kidlash joizki, nemis biznesi bilan hamkorlik kengaymoqda – yil boshidan buyon O'zbekiston iqtisodiyotiga nemis kompaniyalaridan 800 million yevrolik investitsiya kiritildi. Nemis kompaniyalari ishtirokida O'zbekistonda 220 dan ortiq korxona tashkil etildi. Germaniya investitsiyalari va 31 ta nemis kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o'tgan.
O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi o'zaro savdoda eng ko'p qulayliklar yaratilgani tufayli ikki mamlakat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilda 1 milliard yevrodan oshdi.
Tomonlar olib borayotgan jadal ishlar O'zbekiston va Germaniya o'rtasida 2024-2026-yillarga mo'ljallangan Texnologik sheriklik va sanoat kooperatsiyasi dasturining qabul qilinishi hamda ikki tomonlama hamkorlikning keng doirasini qamrab oluvchi boshqa 8 ta xalqaro hujjatlarni imzolash imkonini berdi.
Ishonchim komilki, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning ikki mamlakat yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan o'tkazgan qo'shma uchrashuvi natijasida erishilgan Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan qabul qilingan sanoat-texnologik sheriklik strategik dasturlari doirasida qo'shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini qo'llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar nafaqat O'zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy rivojlanishi uchun kuchli rag'bat va mustahkam asos bo'lib xizmat qiladi.