Toshkent shahridagi "Oq uy" masjidi imom-xatibi Turkiyada tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi
ISTANBUL, 2-oktabr. /"Dunyo" AA/. Toshkent shahridagi "Oq uy" masjidi imom-xatibi Isroiljon Ismoiljonov boshchiligidagi delegatsiya amaliy safar bilan Turkiyaning Istanbul shahrida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar davomida Bosh konsulxona ko'magida Istanbul shahridagi Kent universitetida ta'lim olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda, xususan diniy-ma'rifiy jabhada mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida so'zlab berildi. Shuningdek, Turkiyada istiqomat qilayotgan yoshlarimizning turli noqonuniy diniy guruhlar ta'siriga tushishlarini oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.