Anqarada TDTga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o'rinbosarlari darajasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi davrasi bo'lib o'tdi
ANQARA, 5-oktabr. /"Dunyo" AA/. Kecha Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o'rinbosarlari darajasidagi ko'p tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi davrasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
TIV ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Bobur Usmanov boshchilik qildi.
Maslahatlashuvlar kun tartibidagi asosiy masala joriy yilning noyabr oyida Bishkek shahrida bo'lib o'tadigan Tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari kengashi yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rish bo'ldi.
Maslahatlashuvlarda ko'p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi. TDT doirasidagi ko'p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O'zbekiston delegatsiyasi rahbari O'zbekiston yangi kelishuvlar, strategik dasturlar va aniq loyihalar orqali turkiy dunyoni yana-da mustahkamlash va jipslashtirish tarafdori ekanini ta'kidladi.
Siyosiy maslahatlashuvlar yakunlari bo'yicha delegatsiyalar rahbarlari Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan tomonidan qabul qilindi.