Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Turkiyadan munosabat: O'zbekiston MDHga a'zo barcha davlatlar bilan ko'p qirrali hamkorlikni jadal rivojlantirishga erishdi


Turkiyadan munosabat: O'zbekiston MDHga a'zo barcha davlatlar bilan ko'p qirrali hamkorlikni jadal rivojlantirishga erishdi

ANQARA, 10-oktabr. /"Dunyo" AA/. Rossiya va MDH mamlakatlarini o'rganish instituti direktori Solih Yilmaz (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7-8-oktabr kunlari Moskva shahrida bo'lib o'tgan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

–Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko'zlagan va pragmatik tashqi siyosati, prinsipial siyosiy irodasi tufayli O'zbekiston MDHga a'zo barcha davlatlar bilan ko'p qirrali hamkorlikni jadal rivojlantirishga erishdi.

 

O'zbekiston rahbari MDHning joriy sammitidagi ishtiroki orqali Tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasidagi faol hamkorlik muhimligini tasdiqladi hamda MDH doirasidagi rishtalarning dolzarb va ustuvor yo'nalishlarini ta'kidladi.

 

Qayd etish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlarining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta'minlash bo'yicha yuzaga kelayotgan vaziyatga alohida e'tibor qaratib, MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari va vakolatli idoralari o'rtasida tizimli hamkorlikni yo'lga qo'yish, zamonaviy muammolarni hal qilish, xavfsizlikni ta'minlash sohasida muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ko'rishni takomillashtirish muhimligini ta'kidladi.

 

Shuningdek, O'zbekiston rahbari MDH doirasidagi hamkorlikning iqtisodiy yo'nalishi ustuvor vazifa bo'lib kelgani va shunday bo'lib qolishini, bu boradagi hamkorlikni kuchaytirish uchun MDH tarmoq kengashlari va qo'mitalari faoliyatini faollashtirish zarurligini bildirdi. Bu mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmining yana-da o'sishi uchun rag'bat bo'lib xizmat qiladi.

 

Alohida ta'kidlash kerakki, MDH davlatlarining yetakchi tahliliy markazlarining konferensiyasi Toshkentda tashkil etilgani va shu nuqtai nazardan O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2025-yilda Toshkent shahrida MDH Iqtisodiy kengashi yig'ilishi va Innovatsion rivojlanish forumini o'tkazilishi muhim ahamiyatga ega.

 

O'zbekistonning MDH doirasidagi uzoq muddatli hamkorlikning yangi ustuvor yo'nalishlari, xususan, internet texnologiyalari va "katta ma'lumotlar" industriyasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni jadal joriy etish, kreativ iqtisodiyot, yashil energetika va yadro texnologiyalari, iqlim muammolari va boshqalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha taklifini ham muhim deb bilaman.

 

O'zbekistonda yoshlar jamoalari o'rtasida shaxmat va futbol bo'yicha MDH ochiq kuboklari o'tkazilishi, Samarqand va Toshkent shaharlaridagi Hamdo'stlikning madaniy va yoshlar poytaxtlari deb e'lon qilingani inobatga olinib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta'lim, san'at, kino, turizm va sport sohalarida o'tkaziladigan qo'shma tadbirlar dasturini har yili tayyorlash taklifi tashkilotning barcha ishtirokchi davlatlari tomonidan qo'llab-quvvatlanadi.

 

Ishonchim komilki, MDH sammiti doirasida O'zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarning amalga oshirilishi Hamdo'stlik makonidagi mamlakatlar o'rtasida savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun xizmat qiladi.