Turkiyadagi yurtdoshlarimiz mamlakatimiz tinchligi va farovonligi uchun ovoz bermoqda
ANQARA, 18-oktabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 18-oktabr kuni mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasida huzuridagi 44-saylov uchastkasi tomonidan Antaliya shahrida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga muddatidan oldin ovoz berish jarayoni tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muddatidan oldin ovoz berishida Anqara, Antaliya va qo'shni viloyatlarda vaqtincha hamda doimiy mehnat faoliyati olib borayotgan, Turkiya oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etayapti.
Ta'kidlash kerakki, Turkiyaning yirik turizm markazlaridan biri hisoblangan Antaliya shahrida muddatidan avval saylovni o'tkazish mazkur shaharda mehnat va dam olish maqsadida bo'lib turgan fuqarolarimiz tomonidan yuqori baholandi.
– O'zbekiston hukumati hamda mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan nafaqat Anqarada, balki Antaliyada ham muddatidan oldin sayyor ovoz berish jarayonini tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildiramiz. Men saylash huquqlarimdan foydalangan holda o'zim munosib bilgan partiyaga o'z ovozimni berdim, – dedi Antaliyada sayyohlik maqsadida bo'lib turgan yurtdoshimiz Umarxon Muxammadjonov.