Turkiyadan munosabat: O'zbekiston "yashil rivojlanish" sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi
ANQARA, 14-noyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiya va MDH mamlakatlarini o'rganish instituti direktori, professor Solih Yilmaz (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining Bokuda bo'lib o'tayotgan BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning COR29 yalpi majlisidagi nutqi iqlim o'zgarishining dolzarb masalalariga bag'ishlangan bo'lib, unda global muammolar aniq ko'rsatib o'tildi.
O'zbekiston rahbari, avvalo, bugungi kunda iqlim o'zgarishi asosiy global muammoga aylangani va geosiyosiy keskinlikning oshishiga bevosita ta'sir ko'rsatayotganini ta'kidladi. Xususan, kambag'allikni bartaraf etish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolari tobora kuchayib bormoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo aholisi ularning hayot sifatini oshirish va mintaqa davlatlarining milliy rivojlanish strategiyalarini amalga oshirish yo'lidagi yangi to'siqlarga aylanib borayotgan oqibatlarni chuqur anglab yetayotgani alohida ta'kidlandi.
O'zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan "yashil" siyosat tufayli mamlakat "yashil iqtisodiyot" sohasida salmoqli yutuqlarga erishib, o'z oldiga ulkan maqsadlarni qo'ymoqda. O'zbekistonda 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga qisqartirish va 2050 yilgacha bu majburiyatlarni kengaytirish orqali uglerod neytralligiga erishish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston mamlakatdagi "yashil" energiya ulushini 40 foizga yetkazish, elektromobillar klasterlari va "yashil" vodorod, quyosh va shamol ishlab chiqarish markazlarini yaratish, shuningdek, respublikada "Yashil makon" dasturi doirasida yashil maydonlarni kengaytirish niyatida ekanini ma'lum qildi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda iqlim muammolarini aniqlashda yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik ko'magini kengaytirish maqsadida O'zbekiston Prezidentining iqlim tufayli yo'qotish va zararlarni baholash bo'yicha xalqaro markazni tashkil etish tashabbusi o'z vaqtida bildirildi, deb o'ylayman.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O'zbekistonda dengizga chiqish imkoni bo'lmagan davlatlar uchun BMTning innovatsion agrosanoat xabini yaratish, shuningdek, o'simliklarning iqlim o'zgarishlariga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini tuzishga qaratilgan taklifi jahon hamjamiyati tomonidan qo'llab-quvvatlanishiga ishonaman.
O'zbekiston yetakchisining iqlim o'zgarishlaridan zarar ko'rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi bo'yicha ilg'or bilim va amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tuzish va uning birinchi forumini Toshkentda o'tkazish tashabbusi global iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishda, shubhasiz, katta hissa qo'shadi.