Turkiyaning jazoni ijro etish muassasasidagi yurtdoshlarimiz holidan xabar olindi
ISTANBUL, 30-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbuldagi Maltepe erkaklar jazoni ijro etish muassasasida bo'lishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muassasaga tashrif davomida bu yerda bo'lgan O'zbekiston fuqarolarining yashash sharoitlari, tibbiy yordam, oziq-ovqat ta'minoti ahvoli, ularning telefondan foydalanish, advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan uchrashish bo'yicha imkoniyatlari o'rganildi.
Jazoni ijro etish muassasasi rahbariyati bilan kechgan muzokaralar davomida kelgusida Bosh konsulxona tomonidan muntazam tashriflarni amalga oshirish, O'zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordamini ko'rsatish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Ushbu muassasada saqlanayotgan fuqarolarimiz bilan o'tkazilgan suhbatlar chog'ida ularga huquqiy va konsullik maslahatlari berildi.