Chig'dem Gurdal: O'zbek milliy san'ati – turkiy dunyo madaniyati gultojidir
ANQARA, 14-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher A'zamxo'jayev Turkiy dunyo musiqa ansambli a'zosi, taniqli turk xonandasi Chig'dem Gurdal bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
2024-yilda Jizzax viloyati Zomin tumanida bo'lib o'tgan Xalqaro maqom san'ati anjumani ishtirokchisi Chig'dem Gurdal bilan madaniy hamkorlikni jadallashtirish haqida fikr almashildi.
Chig'dem Gurdal o'zbek madaniyati va milliy san'atiga bo'lgan qiziqishi va hurmatini alohida qayd etdi. U Xalqaro maqom san'ati anjumanida qatnashish orqali Yangi O'zbekistonda barcha sohalarda bo'lgani kabi madaniyat va san'at yo'nalishida amalga oshirilgan ulug'vor o'zgarishlarga guvoh bo'lganini ta'kidladi.
– O'zbek milliy maqom san'atiga azaldan qiziqib kelaman. Turkiyadagi konsertlarimda o'zbek qo'shiqlarini kuylashni an'anaga aylantirganman. O'tgan yili Jizzax viloyatida o'tkazilgan Xalqaro maqom san'ati anjumanida qatnashish sharafiga muyassar bo'ldim. So'nggi yillarda O'zbekistonda o'tkazilayotgan festivallar doirasida butun dunyo mamlakatingizning madaniy boyliklari, milliy va ma'naviy qadriyatlari bilan yaqindan tanishmoqda. O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalar ham tobora rivoj topayapti. Men ota yurtimiz – O'zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini Turkiyada keng targ'ib qilishni o'z burchim, deb bilaman. Chunki O'zbekiston milliy san'ati – turkiy dunyo madaniyatining gultojidir.
Uchrashuv yakunida Chig'dem Gurdal bilan Turkiyada o'zbek madaniyati va milliy musiqa san'atini keng targ'ib qilishga qaratilgan madaniy loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo'yicha kelishib olindi.