Turkiyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining yangi tashqi siyosat kursi mamlakatning arab davlatlari bilan hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi
ANQARA, 19-fevral. /"Dunyo" AA/. "EkoAvrasya" Yevroosiyo iqtisodiy aloqalar jamg'armasi boshqaruvi raisi Hikmet Eren "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-18-fevral kunlari Kuvaytga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi tashqi siyosat kursi O'zbekistonning arab davlatlari bilan hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi va arab dunyosi bilan aloqalarni jadal rivojlantirishga xizmat qildi.
O'zbekiston rahbarining Kuvaytga bu galgi tashrifi rasmiy Toshkentning Ko'rfaz arab davlatlari bilan ko'p qirrali hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan sa'y-harakatlarning mantiqiy davomi bo'ldi.
Tomonlar ikki davlatning foydalanilmagan yuksak salohiyatini inobatga olib, amaliy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgilab oldilar.
Oliy darajadagi muzokaralar natijasida qo'shma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yaratish, shuningdek, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Yangi hamkorlik dasturi Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg'armasi bilan loyihalar portfelini ko'paytirish ikki tomonlama investitsiyaviy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun kuchli rag'bat bo'lishi shubhasiz.
Ishonamanki, davlatingiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning may oyida Samarqand shahrida o'tkaziladigan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammiti O'zbekistonning Kuvayt va Ko'rfazning boshqa mamlakatlari bilan har tomonlama sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.