Turkiyaning Isparta viloyatida O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, mehnat bozori va turizm salohiyati taqdim etildi
ISPARTA, 23-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi xodimlari ishchi safari bilan Turkiyaning Isparta viloyatiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar davomida O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, mehnat bozori va turizm salohiyatiga doir taqdimot tadbiri tashkil etildi.
Unda Isparta viloyati Savdo-sanoat palatasi boshqaruv kengashi raisi o'rinbosari Shakir Uygan va boshqaruv kengashi a'zolari hamda hududning yetakchi tadbirkorlari ishtirok etdi.
Tadbirda o'zaro savdoni rivojlantirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar hamda qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Isparta viloyatining salohiyatini inobatga olgan holda, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati kabi sohalarda qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Isparta viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga safarini tashkil etish to'g'risida kelishildi.
O'zbekiston diplomatlari, shuningdek, Isparta viloyatining yirik korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, "Shaxlanlar" kompaniyasi rahbariyati bilan O'zbekistonda baliqchilik sanoatida, "Bladeko Enerji" kompaniyasi mutasaddilari bilan bilan O'zbekiston energetika sohasida istiqbolli loyihalarni hayotga tadbiq etish bo'yicha muzokara o'tkazildi.