Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari Toshkent shahridagi yangi investitsiyaviy loyihalar bilan tanishtirildi
ANQARA, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi va Toshkent shahar hokimligi vakillari o'rtasida vebinar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashining Turkiya-O'zbekiston qo'mitasi raisi O.Ozgyuven, "Tashkent Invest" kompaniyasi raisi o'rinbosari Rustam Qodirov, "Yangi Toshkent shahrini barpo etish" direksiyasi bosh arxitektori Saidazim Sharipov, O'zbekiston va Turkiya elchixonalari xodimlari hamda Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan turk investorlari va kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.
Onlayn uchrashuv davomida Toshkent shaharning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va boshqa sohalardagi salohiyatini Turkiya ishbilarmon doira vakillari o'rtasida keng targ'ib qilish, O'zbekiston poytaxtidagi yangi loyihalarga ularni keng jalb qilish masalalari xususida fikr almashildi.
Turkiya tomoni e'tiboriga Yangi Toshkent shahri loyihasiga bag'ishlangan taqdimot taqdim etildi. Shuningdek, "Uchtepa biznes markazi", "Daryo bo'yi biznes siti", "Silk Siti" kabi loyihalar to'g'risida ma'lumot berildi. Mazkur loyihalarga ishtirok etayotgan investorlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar alohida urg'ulandi.
Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan Turkiyaning "Ostim", "Nobel Pharmsanoat", "Alpler Ziraat Aletleri" va "Egasi" kabi kompaniyalar vakillari yurtimizda amalga oshirayotgan loyihalari va to'plagan tajribalari bilan yurtdoshlarini tanishtirishdi. Shuningdek, ularni Toshkent shahridagi yangi loyihalarga investitsiya kiritishga chaqirdilar.