Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O'zbekistonning boy madaniy merosi Istanbulda bo'lib o'tgan Turkiy xalqlar madaniyati festivalida taqdim etildi


O'zbekistonning boy madaniy merosi Istanbulda bo'lib o'tgan Turkiy xalqlar madaniyati festivalida taqdim etildi

ISTANBUL, 9-may. /"Dunyo" AA/. Istanbul shahridagi "Medipol" universitetida Turkiy xalqlar madaniyati festivali o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda universitet rahbariyati Istambul shahridagi diplomatik korpus rahbarlari va Turkiyadagi o'zbek diasporasi vakillari qatnashdi.

 

Festivalda turkiy davlatlardan kelgan talabalar o'zlarining milliy taomlari, raqslari va urf-odatlarnii namoyish qildilar. Shuningdek, turkiy xalqlarning milliy kiyimlari va hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi tashkil etildi.

 

O'zbekistonning boy madaniy merosi va ko'p asrlik tarixiga bag'ishlangan milliy stend ishtirokchilarning alohida e'tiborida bo'ldi. Yig'ilganlarga O'zbekiston sivilizatsiyasining durdona namunalari, jumladan, uning jahon tamadduniga qo'shgan hissasi, tarixiy obidalarimiz va buyuk ajdodlarimiz haqida so'zlab berildi.

 

O'zbekiston bosh konsuli Sherzod Abdunazorov o'zining tabrik nutqida bunday anjumanlar turkiy xalqlarning mushtarak madaniy merosini birgalikda nishonlash va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladi. Diplomat, shuningdek, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar to'g'risida batafsil to'xtaldi.

 

O'zbekistonning turizm salohiyati, xususan Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy shaharlarimizda xorijiy sayyohlarga yaratilgan imkoniyatlarga urg'u berildi. O'zbekiston bugungi kunda jahondagi jadal rivojlanayotgan sayyohlik manzillaridan biriga aylangani alohida ta'kidlandi.

 

Festivalning madaniy qismida turkiy davlatlardan kelgan talabalar ishtirokida konsert dasturi taqdim etildi.