Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Istanbulda O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi


Istanbulda O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

ISTANBUL, 12-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyaning Turkiyaga tashrifi doirasida Sabahattin Zaim nomidagi Istanbul universitetida madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Unda O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi, Bosh konsulxonasi xodimlari, o'zbek san'ati ustalari va Turkiyada tahsil olayotgan vatandosh talabalar ishtirok etdi.

 

O'zbekiston bosh konsuli Sherzod Abdunazorov o'zining tabrik nutqida o'zbek xalqining boy madaniy va ma'naviy merosi, buyuk ajdodlarimiz Ibn Sino, Beruniy, Alisher Navoiy va Amir Temurning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan ulkan hissasi haqida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining yoshlarga, ayniqsa, xorijda tahsil olayotgan talabalarga doimiy e'tibori, ta'lim sifatini oshirish, yoshlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e'tirof etildi.

 

O'zbekiston "Taraqqiyot strategiyasi" markazi rahbari Eldor Tulyakov o'z navbatida, yig'ilganlarni "O'zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati va ustuvor yo'nalishlari bilan tanishtirdi.

Tadbirning madaniy qismida O'zbekiston san'at ustalari Zuhra Ashurova va Tojibar Azizova ishtirokida madaniy dasturi taqdim etildi. Shuningdek, vatandosh talabalarning yurtimizning boy tarixi, madaniyati va turistik salohiyatiga bag'ishlangan chiqishlar ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.

 

Mamlakatimiz diplomatlari tadbir doirasida mazkur universitet rektori Axmet Jevat Ajar bilan alohida uchrashuv o'tkazdilar. Unda O'zbekiston Bosh konsulxonasi va Sabahattin Zaim universiteti o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, o'zbekistonlik talabalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, o'zbek madaniyati va an'analariga bag'ishlangan tadbirlarni birgalikda tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.