Jizzax viloyati hokimligi va Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi o'rtasida onlayn vebinar tashkil etildi
ANQARA, 28-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi va Jizzax viloyati hokimligi o'rtasida onlayn vebinar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vebinarda Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi Turkiya-O'zbekiston qo'mitasi, Jizzax viloyati hokimligi Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi rahbariyati, ikki mamlakat elchixonasi diplomatlari, shuningdek, viloyatda faoliyat olib borayotgan turkiyalik investorlar va mahalliy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Onlayn muloqot chog'ida Jizzax viloyati hokimiyati Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi vakillari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda hududning qurilish materiallari, to'qimachilik, turizm, inson resurslari, qishloq xo'jaligi, "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasidagi imkoniyatlar hamda 28 ta investitsiyaviy loyihalar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, Jizzax viloyatida faoliyat olib borayotgan Turkiyaning "Cengiz Enerji", "Esan Eczacıbaşı" "Dal Teknik" va boshqa kompaniyalar vakillari o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.
Vebinar yakunida Turkiya biznes doiralari vakillari Jizzax viloyatining energetika, qurilish, qishloq xo'jaligi transport va logistika sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar.