Turkiyalik sayyoh: O'zbekiston tarixiy ildizlari olis qadim davrlarga borib taqaluvchi boy madaniy merosga ega bo'lgan mamlakat
BUXORO, 8-iyun. /"Dunyo" AA/. Turkiyalik sayyoh Chem Iyibozkurt "Dunyo" AA muxbiri bilan suhbatda Buxoro shahrida bo'lib o'tayotgan XXI an'anaviy "Ipak va ziravorlar" xalqaro festivalidan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashdi:
– Bu yil ilk bor oila a'zolarim bilan bunday keng ko'lamli madaniy tadbirda ishtirok etyapman. Festival yuqori darajada bo'lib o'tayapti. Barchasi – bezak ishlaridan tortib, konsert dasturigacha yuksak saviyada tashkil etilgan.
Eng muhimi tadbirda mehmondo'stlik va do'stona muhit hukm surmoqda. Ayniqsa, o'zbek xalqining xorijliklarga samimiy munosabati, tabassumi, madaniyat va hamjihatlikka bo'lgan qiziqishini ko'rish nihoyatda quvonarli.
Buxoroga safarim va mazkur festivalda ishtirokim O'zbekiston tarixi va madaniyatiga bo'lgan qiziqishimni yanada oshirdi. Shuningdek, Buxoro bizni o'ziga xos tarixiy va zamonaviy muhiti bilan lol qoldirdi. Ushbu qadim kentda asrlar nafasini his qilish mumkin.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston tarixiy ildizlari olis qadim davrlarga borib taqaluvchi boy madaniy merosga ega bo'lgan mamlakat.