Turkiyaning Kojaeli viloyati ishbilarmon doiralari vakillari O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati bilan tanishdilar
ISTANBUL, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan Turk dunyosi va Kojaeli Vizioner ishbilarmonlar uyushmalari bilan birgalikda Kojaeli shahrida O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Turkiya davlat va jamoat arboblari, mahalliy hokimiyat vakillari, savdo-sanoat palatalari, turli uyushma va kompaniyalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz bosh konsuli Shavkat Abdunazarov tadbirdagi nutqida, so'nggi yillarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy islohotlar, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, soliq va bojxona imtiyozlari, logistika infratuzilmasining rivojlanayotgani haqida batafsil so'zlab berdi.
Shuningdek, u ishtirokchilarni mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosi, turizm hamda gastronomik salohiyati, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarimiz haqidagi muhim ma'lumotlar bilan tanishtirdi.
Ma'ruzada "Ejzajibashi", "Chalik Xolding", "Coca-Cola", "Ziraat Bank", "Jengiz" va boshqa turk kompaniyalarining O'zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyati alohida qayd etildi.
Tadbir tashkilotchilariga ko'ra, mazkur uchrashuv ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash, hamkorlikdagi loyihalar soni va ko'lamini oshirishga xizmat qiladi.