Turkiyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining nutqi Markaziy Osiyo va Xitoy o'rtasidagi hamkorlikning barqaror hamda pragmatik modellarini yaratish istagini namoyon etdi
ANQARA, 19-iyun. /"Dunyo" AA/. Rossiya va MDH mamlakatlari tadqiqotlari instituti direktori, professor Solih Yilmaz (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-iyun kuni Ostona shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammitidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog'iston poytaxtida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" ikkinchi sammitidagi ishtiroki O'zbekistonning mintaqaviy roli ortib borayotganining, Yevroosiyoda ko'p tomonlama hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishga konstruktiv yondashuvining muhim tasdig'i bo'ldi.
O'zbekiston rahbarining nutqi bugungi kundagi muammolarni chuqur anglash, strategik uzoqni ko'ra bilish hamda Markaziy Osiyo va Xitoy o'rtasidagi hamkorlikning barqaror va pragmatik modellarini yaratish istagini namoyon etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro mojarolarni kuch bilan hal etishga yo'l qo'yib bo'lmasligiga qaratilgan siyosiy urg'u alohida ahamiyatga ega. Diplomatiyani qo'llab-quvvatlash, xalqaro huquq va davlatlar suverenitetini hurmat qilish zamonaviy Turkiya tashqi siyosat doktrinasida aks-sado beradigan tamoyillardir.
O'zbekiston rahbari tomonidan savdo, infratuzilma, energetika, texnologiyalar almashinuvi va ekologik xavfsizlik sohalarida mintaqaviy mexanizmlarni yaratish bo'yicha ilgari surilgan tashabbuslar barqaror rivojlanish strategiyasini ilgari surishda muhim hissa qo'shmoqda.
"Markaziy Osiyo – Xitoy" sanoat va infratuzilma belbog'ini shakllantirish va hamkorlikni institutsionallashtirish hamda mintaqadagi barcha mamlakatlar xususiy sektori ishtirokini kengaytirish imkonini beruvchi Taraqqiyot jamg'armasini tashkil etish taklifi alohida ahamiyatga ega.
Turkiya uchun O'zbekiston Yevroosiyo hamkorlik makonini shakllantirishda faol ishtirok etishga da'vogar davlat sifatida mintaqadagi tendensiyalarni belgilovchi eng muhim hamkor hisoblanadi. Raqamli transformatsiya dasturlari, "Raqamli Ipak yo'li" tashabbusi, shuningdek, madaniy almashinuv platformalari ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadigan puxta o'ylangan va muvozanatli yondashuv namunasidir.
"Markaziy Osiyo – Xitoy" formati doirasida Afg'oniston bo'yicha yuqori darajali guruh tuzish tashabbusi O'zbekistonning mintaqaviy barqarorlik uchun mas'uliyatini anglashini aks ettiradi va afg'on kun tartibi bo'yicha muloqotda faol ishtirok etayotgan Turkiya tomonidan, shubhasiz, har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi.
Sammit yakunlari bo'yicha Abadiy yaxshi qo'shnichilik, do'stlik va hamkorlik to'g'risidagi shartnomaning imzolanishi mintaqaviy hamkorlikning yangi paradigmasini shakllantiradi, unda O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ishonchli tarzda markaziy o'rinni egallaydi.