O'zbekiston TIV rahbari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Istanbulda bo'lib o'tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi
TOSHKENT, 22-iyun. / "Dunyo"AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 21-22-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo'lib o'tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasi ikki tomonlama, mintaqaviy va global masalalar yuzasidan fikr almashish uchun samarali maydon bo'ldi, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram-kanalida. – Tadbirni yuksak darajada tashkil etgani va samimiy mehmondo'stlik uchun Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan janoblariga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
O'zbekiston delegatsiyasi islom dunyosidagi hamkorlar bilan o'nlab samarali uchrashuvlar va mazmunli muloqotlar o'tkazdi. Oldimizdagi dolzarb muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashib, tinchlik, taraqqiyot va farovonlikni ta'minlashning amaliy yo'llarini muhokama qildik".