Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Mo'g'uliston o'rtasidagi yaqinlashuv dengizga chiqish imkoniga ega bo'lmagan ikki davlatning barqaror transport-logistika yo'nalishlarini yaratish istagini aks ettiradi
ANQARA, 26-iyun. /"Dunyo" AA/. Rossiya va MDH mamlakatlari tadqiqotlari instituti direktori, professor Solih Yilmaz (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24-25-iyun kunlari Mo'g'ulistonga buyurgan davlat tashrifi haqidagi fikrlarini bayon qildi:
–Tashrif nafaqat ikki tomonlama O'zbekiston-Mo'g'uliston munosabatlari kontekstida, balki kengroq Yevroosiyo miqyosida ham yirik tashqi siyosiy voqea bo'ldi. Bunday yuksak saviyada ilk bor amalga oshirilgan tashrif O'zbekiston tashqi siyosatidagi strategik o'zgarishlar, diplomatik va iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish yo'lidan borayotganidan yorqin dalolatdir.
O'zbekiston va Mo'g'uliston o'rtasidagi yaqinlashuv dengizga chiqish imkoniga ega bo'lmagan ikki davlatning o'zaro yordamni kuchaytirish va barqaror transport-logistika yo'nalishlarini yaratish istagini aks ettiradi. Quruqlikdagi transport yo'laklarini optimallashtirish bo'yicha qo'shma tadqiqotlar o'tkazish taklifi uzoqni ko'zlagan tashabbus bo'lib, Yevroosiyo logistikasi xaritasini o'zgartirish imkoniyatiga ega.
Ayniqsa, yetakchilar o'rtasidagi muloqot deklarativ emas, balki amaliy xarakterga ega bo'lgani muhim. Asosiy e'tibor geologiya-qidiruv, tog'-kon sanoati, sanoat kooperatsiyasi, agrosanoat ishlab chiqarishi masalalariga qaratildi. Bu pragmatik iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi. Ulan-Batorda O'zbekistonning tog'-kon sanoati bo'yicha tarmoq vakolatxonasining ochilishi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga ko'maklashuvchi jiddiy institutsional qadamdir.
Bitimlarni amalga oshirish bo'yicha qabul qilingan "yo'l xaritasi" tomonlarning erishilgan kelishuvlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan siyosiy irodasi muhim ko'rsatkichidir. Tadbirkorlik subyektlari, sanoat boshqarmalarining ishtiroki, O'zbekiston mahsulotlari savdo uyining ishga tushirilishi iqtisodiy hamkorlikning barqaror dinamikasini ta'minlay oladigan mexanizmlardir.
Mo'g'ulistonda O'zbekiston madaniyati kunlarining o'tkazilishi, akademik almashinuvga e'tibor qaratilayotgani xalqaro munosabatlarda "yumshoq kuch"ni rivojlantirish zarurligini chuqur anglaganidan dalolat beradi. O'zbekistonning mo'g'ulistonlik yoshlarning ta'lim olishi uchun kvotalarni qayta tiklashga tayyorligi uzoq muddatli gumanitar hamkorlikka asos bo'ladigan strategik yondashuvdir.
Ishonchim komilki, O'zbekiston va Mo'g'uliston Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevroosiyoda barqarorlik, aloqadorlik va o'zaro bog'liqlikni mustahkamlashga yordam beradigan har tomonlama va institutsional sheriklik asoslarini yaratdi. Ushbu tashrif diplomatiya nafaqat ramziy yaqinlashuv, balki real iqtisodiy va institutsional o'sish uchun vosita bo'lishi mumkinligiga misol bo'la oladi.