O'zbekiston mutaxassislari Turkiyaning veterinariya va chorvachilik sohasidagi tajribasini o'rgandilar
ANQARA, 27-iyun. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi delegatsiyasining amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
So'nggi yillarda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasining Turkiyadagi turdosh tashkilotlar bilan hamkorligi yangi bosqichga ko'tarildi. Sohaning har bir yo'nalishi bo'yicha o'zaro tajriba o'rganish va delegatsiyalar almashinuvi muntazam tashkil etilmoqda.
Ushbu tashrif doirasida ham Turkiyaning qishloq va o'rmon xo'jaligi hamda savdo vazirliklarida uchrashuvlar o'tkazildi. Uchrashuvlar davomida Turkiyaning chorvachilik sohasida IT texnologiyalarining qo'llanilishi, veterinariya chegara nazorati punktlari faoliyati, jumladan, TRACES tizimidan foydalanish tajribasi, veterinariya-sanitariya normalari, veterinariya nazorati qonunchiligi, ma'lumotlarni himoya qilish choralari bo'yicha taqdimotlar o'tkazildi.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari chorvachilik va dehqonchilik sohasida Turkiyaning qariyb 120 yillik tarixga ega Konya tijorat birjasi faoliyati hamda Kapikule nazorat-o'tkazish punkti tashkil etilgan chegara veterinariya nazorati bilan tanishdilar.