Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi va Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari o'rtasida vebinar bo'lib o'tdi
ANQARA, 28 iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi va Samarqand viloyati hokimligi vakillari o'rtasida vebinar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv Samarqand viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm hamda boshqa sohalardagi salohiyatini Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida keng targ'ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida Samarqand viloyati hokimligi xodimlari tomonidan taqdimot o'tkazildi. Unda viloyatning qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, turizm, oziq-ovqat sanoati hamda mavjud erkin iqtisodiy zonalardagi imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi.
Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan Turkiyaning "Baktat Gıda", "Tim Agro" va "Sam Suni Deri" kabi kompaniyalar rahbarlari o'z tajribalari haqida to'xtalib o'tdilar.
Vebinarning turkiyalik ishtirokchilari istiqboldagi rejalar va qo'shma loyihalarga oid savollariga Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilaridan batafsil javob oldilar.